O‘zbekiston | 13:07 / 08.04.2021
3891
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlari tomonidan 270ta texnika xarid qilinadi. Bunga qariyb 2 trln so‘m yo‘naltiriladi

 Prezident qarori bilan 2021-2023 yillarda davlat organlari tomonidan xarid qilinadigan 270ta texnika uchun 1 trillion 934 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

«Davlat organlari va korxonalarini yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2021-2023 yillarda davlat organlari tomonidan jami 270ta texnika xarid qilinishi va buning uchun 1 trillion 934 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Xususan, davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 1 trillion 202 milliard so‘m, respublika budjetidan qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 500,5 milliard so‘m, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 231,6 milliard so‘m ajratiladi.

2021-2023 yillarda davlat korxonalari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan jami 1 488ta texnika xarid qilinishi va ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 236 milliard so‘m yo‘naltirilishi tasdiqlandi.

Belgilanishicha:

  • ko‘rsatkichlarda nazarda tutilgan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq sotib olinadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosini ta'minlashda zarur bo‘lgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun hududiy obodonlashtirish boshqarmalariga 2021 yilda qo‘shimcha 108,8 milliard so‘m;
  • tuman (shahar)lardagi ichki yo‘llar va markaz ko‘chalarini ta'mirlash hamda rekonstruksiya qilish dasturlari ijrosini ta'minlashda zarur bo‘lgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga 2021 yilda qo‘shimcha 196,2 milliard so‘m;
  • hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda respublika budjetidan qo‘shimcha 500,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Qarorda keltirilishicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari bilan birgalikda davlat organlari va korxonalari tomonidan xarid qilinadigan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda xarid qilish ustidan doimiy monitoring olib boradi.

Mavzuga oid