12:59 / 12.04.2021
9011

Abdujabbor Abduvohidov Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi

Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abdusattorovich Abduvohidov Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga vitse-prezident etib saylandi.

Joriy yil 11 aprel kuni Termiz shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kurashni jahon miqyosida rivojlantirish, kurashning turli qit'a va mintaqaviy o‘yinlar dasturiga kiritilishi masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi.

IKA prezidenti Haydar Farmon IKA vitse-prezidenti lavozimiga taklif qilgan Abdujabbor Abduvohidov nomzodi assotsiatsiya ijroiya kengashi tomonidan ma'qullandi.

«Ijroiya qo‘mitasi a'zolari kurash vatani bo‘lgan mamlakat – O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqada bo‘lish uchun yangi IKA vitse-prezidenti lavozimini joriy etishga qaror qilishdi. 

IKA prezidenti Haydar Farmon ushbu yangi tashkil etilgan lavozimga O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovni tayinlashni taklif qildi. Kengash a'zolari ushbu taklifni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi», deyiladi xabarda.

Abdujabbor Abduvohidov 2018 yil iyul oyi oxirlarida O‘zbekiston prezidentining fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangan.

U tayinlovga qadar tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan. 2002−2011 yillarda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori, 2011−2012 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, so‘ngra prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi rektori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid
Top