O‘zbekistonda aniq fanlar bo‘yicha qilinayotgan tadqiqotlarda ham yetarlicha muammolar borligini anglagan holda (sifatli tadqiqotlar olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalar mavjud emas), o‘zim yaxshi tushungan gumanitar fanlar bo‘yicha qilinayotgan tadqiqotlar sifati haqida gapirmoqchiman.

Eng achinarlisi, biz gumanitar sohada ilm va tadqiqot nimaligini tushunmaydigan «olimlar» tayyorlashda davom etyapmiz. «Stop» tugmasini bosib, to‘la yangi tizimga o‘tishga qurbimiz, imkoniyatimiz yetadi, biroq buni negadir kechiktiryapmiz.

Bizdagi bir qancha mantiqsizliklarni sanab o‘taman, shu bilan birga, rivojlangan xorijdagi holat bilan taqqoslashga baholiqudrat urinib ko‘raman.

1. Bizdagi mantiqsizlik ilmiy rahbar tanlashdan boshlanadi: ilmiy rahbar ilmiy salohiyatiga qarab emas, balki «nufuzi», tanish-bilishlari, «kattaroq» lavozimda o‘tirgan-o‘tirmaganiga qarab tanlanadi. Nega deysizmi? Chunki bunaqa rahbar bilan sohada juda avj olib ketgan byurokratik to‘siqlarni osonroq yengib o‘tish mumkin. «Siz zo‘rsiz, hurmatingiz baland» qabilida ishlar osonroq bitadi. Chet elda esa ilmiy rahbar ilmiy salohiyati, yetakchi xalqaro jurnallarda chiqargan maqolalari va boshqa shu kabi ko‘rsatkichlarga qarab tanlanadi.

2. Bizda Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) degan tashkilot bor. Bu tashkilotda ilmiy ishlar mavzulari quyidagicha ko‘rib chiqiladi: bo‘lajak ilmiy ish mavzusini tadqiqotchi OAKga jo‘natadi, OAK buni o‘rganib, tasdiq yoki rad javobini beradi. Tadqiqotchi javobni bir necha oy kutadi. Chet elda-chi? Chet elda mavzu tusma-tavakkal tanlanmaydi. 100-200 ilmiy maqolalar o‘qilgach, u yerdan Research Gap, ya’ni hali dunyo olimlari tadqiq qilmagan jihatlar ajratib olinadi va ilmiy rahbar va boshqa ilm kishilari ishtirokidagi Proposal Defence («Ilmiy yo‘nalish va mavzu himoyasi») doirasida himoya qilinadi. Rahbar va ilmiy ishning yetakchi olimlari yosh olimning kamchiliklarini bildirib, yo‘l ko‘rsatishadi.

3. Chet elda tadqiqot ishi metodologiyasiz ilmiy ish hisoblanmaydi. Sababi – metodologiyasiz ilmiy ishga «mazmunga ega emas» deb qaraladi: uni qayoqqa qarab cho‘zsangiz cho‘zilaveradi, qayoqqa olib qochsangiz qochaveradi, chek-chegara degan narsa bo‘lmaydi.

Bizda-chi? «Tadqiqot metodologiyasi» nomi ostida hozirgacha birorta o‘zbek tilidagi qo‘lga ilingudek adabiyot mavjud emasligining o‘zi bu sohadagi tadqiqotlar sifati qay darajada ekanini ko‘rsatib turibdi.

4. Butun dunyoda qilingan ilmiy ishlar xalqaro ilmiy tarmoqlar (GoogleScholar, Elsevier, Scopus va boshqa) orqali bog‘langan.