Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat prezidentning 2020 yil 10 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Hujjat bilan prezidentning 2020 yil 10 fevraldagi qaroriga muvofiq quyidagilar:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etilgani;

b) quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilangani:

  • davlat budjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i yig‘imi summasining 7 foizi;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslar homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

v) jamg‘arma mablag‘laridan:

  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishda;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis qo‘yish va tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashda foydalanilishi belgilangani ma'lumot uchun qabul qilindi.