Jahon | 07:06 / 23.04.2021
8648
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Rossiya elchixonasining yana 63 xodimini o‘z hududidan chiqarib yuboradi 

Foto: EPA

Chexiya tashqi ishlar vaziri Yakub Kulganekning ta'kidlashicha, Rossiya elchixonasining yana 63 xodimi va ularning oila a'zolari Chexiyani tark etishi kerak.  

Vazirning ta'kidlashicha, ushbu chora Chexiyaning Moskvadagi va Rossiyaning Pragadagi elchixonalari xodimlari sonini baravarlashtirishga imkon beradi. 

«Maqsad – rossiyaliklar yoki Rossiya xalqi emas. Bu Rossiya razvedka xizmatlari harakatlariga munosabatdir», deb Rossiya elchixonasi xodimlari soni qisqartirilishini tushuntirgan Kulganek. 

Uning aytishicha, shundan keyin ikki davlat elchixonalarida 7 nafardan diplomat va 28 nafardan yordamchi xodim qoladi. 

Rasmiy Moskva Praganing rossiyalik diplomatlarga nisbatan yangi xatti-harakatlari yuzasidan Chexiya elchisi Vitezslav Pivonkaga norozilik bildirdi va javob choralari ko‘rilishidan ogohlantirdi. 

Moskvada ta'kidlanishicha, «Chexiya turli bahonalar bilan Rossiyaga qarshi kampaniyani avj oldirmoqda va bu harakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni barbod qilmoqda». 

Joriy hafta boshida Chexiya Moskvani 2014 yilda Vrbetitsa qishlog‘ida joylashgan o‘q-dori omboridagi portlashga aloqadorlikda ayblab, 18 rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborishini e'lon qildi. Praga ularni Rossiya maxsus xizmatlariga ishlashda gumon qilmoqda. Rossiya bunga javoban o‘z hududidan 20 nafar chexiyalik diplomatni chiqarib yuborishini ma'lum qilgan. 

Moskva o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovni rad etmoqda.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid