Jo Baydenning prezidentligining dastlabki oylariga ta'rif berar ekan, ko‘pchilik siyosatchilar «zerikarli» so‘zini ishlatmoqda. Chindan ham shundaymi?
«Bayden prezidentligining dastlabki oylariga bir so‘z bilan «normallik» deb baho berish mumkin. Endi bir necha kun bemalol yangiliklarni ko‘rmasangiz ham bo‘ladi. Chunki bu vaqtda prezident ishtirokidagi qandaydir mojaroni yoki fond bozorining oyog‘ini osmondan qiladigan tvitni o‘tkazib yubormasligingiz aniq», deydi Klaremont Makken kolleji o‘qituvchisi Jon Pitni.
Bayden uning faoliyatini zerikarli deb baholashlaridan ajablanmasa kerak, chunki uning o‘zi maqsadi Oq uydagi «haroratni tushirish» va bu orqali demokratlar hamda respublikachilar o‘rtasidagi tushunmovchilikni bartaraf etish ekanini aytgandi.
Biroq bunday ishlashi uning reytingiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmayapti. AQSh prezidentlari uchun esa reyting juda muhim omil hisoblanadi. Turli ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Baydenning faoliyatini 53 foiz amerikaliklar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Albatta, bu Trampning butun prezidentlik davridagi reytingidan yuqori hisoblanadi, lekin qolgan prezidentlar bilan solishtirganda, pastroq.
Bayden respublikachi va demokratlar o‘rtasidagi fikrlar xilma-xilligini yo‘qotish borasida bosh qotirayotgan bir vaqtda uni respublikachilardan atigi 12 foizi qo‘llamoqda. 93 foiz partiyadoshlari esa hozircha Baydendan rozi. Taqqoslash uchun, Obamani prezidentligining dastlabki bosqichida 37 foiz respublikachilar qo‘llagan.
Pandemiya

Bayden Oq uy rahbarligiga kelishi bilan ikki masalani hal qilishi kerak edi: ommaviy emlash jarayoni va fuqarolarga navbatdagi iqtisodiy yordam paketini tasdiqlash. «Amerikaliklar uchun ikki jiddiy muammo - bu kovid va iqtisodiy tanglik», degandi Baydenning o‘zi bu haqda.
U prezidentligining 100 kunligida koronavirusga qarshi 100 million kishi emlanishini va'da qilgandi. Bu natijani AQSh hukumati Bayden rahbarligining 58-kunidayoq uddaladi. Keyinchalik Baydenning 100 kunligidagi marrani 200 million qilib olishdi va bu ham muddatidan oldin uddalandi.
Hozirgacha 240 million amerikalik vaksina olishga ulgurdi. Shtatlarga umumiy hisobda 290 million doza vaksina yetkazib berilgan. 100 milliondan ortiq amerikalik ikkinchi dozani ham olgan. Albatta, emlash borasida ishlar Tramp davridayoq tashkil qilina boshlangandi, lekin aynan Bayden rahbarligida minglab emlash maydonlari tashkil etildi va jarayon tezlashib ketdi.

















