O‘zbekiston | 13:05 / 03.05.2021
12620
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tadbirkorga jarima solgan soliqchining o‘zi jarima to‘laydigan bo‘ldi

Toshkent shahrida biznes-ombudsman tomonidan MChJlardan birining murojaati asosida, poytaxt DSB xodimi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvning qonuniyligi o‘rganildi.

Aniqlanishicha, davlat katta soliq inspektori S.D. tomonidan 2016 yil 1 yanvardan 2020 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan davr uchun MChJning faoliyatida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. 

Ta'kidlanishicha, S.D. tegishli tartibda attestatsiyadan o‘tmagan va maxsus guvohnomaga olmasdan, tadbirkor faoliyatida tekshiruvni o‘tkazgan.

“Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini tekshirishiga tekshirishlarni o‘tkazishga ruxsat berilgani to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma, shaxsiy guvohnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Ushbu holat bo‘yicha biznes-ombudsmanning mas'ul xodimi aybdor soliq inspektoriga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi va sudga yuborildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qaroriga ko‘ra, soliq organi xodimi S.D. huquqbuzar deb tan olindi va unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravar miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Mavzuga oid