Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Fayzullayev Depozit.uz'ga bergan intervyusida so‘m va valutaga alohida karta ochilishi sabablariga to‘xtalib o‘tdi.

Fayzullayevning aytishicha, bunga sabab – ko‘p yillar davomida respublikada valuta ayirboshlashga cheklov qo‘yib kelingani.

«Rossiya yoki Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, ko‘p yillardan beri aholiga ish haqi to‘lovlarini amalga oshirish va kundalik to‘lovlar uchun ham VISA va MASTERCARD kartalari taqdim qilinib kelmoqda. Bu kartalarning xalqaro maqomi ulardan nafaqat o‘z vatanida, balki istalgan mamlakatda o‘sha mamlakat valutasida to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi, qo‘shimcha karta ochishga ehtiyoj qolmaydi. To‘lovlar mijoz borgan mamlakat valutasida – yevrodami, rubldami, yuandami, turk lirasidami, farqi yo‘q, birdek amalga oshiriladi. To‘lov summasi esa xalqaro to‘lov tizimlari va kartani muomalaga chiqargan tijorat banki tomonidan konvertatsiya qilinib, mijozning hisobvarag‘idan yechib olinaveradi.

O‘zbekiston sharoitida esa mahalliy to‘lovlar uchun Uzcard yoki Humo kartalari, chet elga boradigan hamyurtlarimiz uchun alohida, AQSh dollarida ifodalangan Visa, Mastercard, Mir yoki UPI kartalari taklif qilinadi.

Chunki mamlakatimizda valuta ayirboshlash masalasi ko‘p yillar davomida cheklangan holatda bo‘ldi, shu sababli kartalar orqali chet elda, xorijiy valutada amalga oshiriladigan to‘lovlarni so‘mda ifodalangan hisobvaraqlardan yechib olish imkoniyati mavjud bo‘lmadi. Xorijiy valutadagi har qanday to‘lovlar uchun alohida hisobvaraq va alohida karta ochilishini taqozo etardi.

Aytib o‘tish kerak, O‘zsanoatqurilishbank 2000 yillar boshida faqat O‘zbekiston hududida ishlatish mumkin bo‘lgan 700 mingga yaqin Visa kartasini muomalaga chiqardi, lekin bu kartalardan chet elda foydalanish imkoniyati yaratilmagani, shu bilan birga mavjud Uzcard tarmog‘ida ham qabul qilinmagani sababli ular aholi uchun jozibador bo‘lmadi va bu yo‘nalish o‘z rivojini topmadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda valuta ayirboshlash siyosati o‘zgardi. Endi Rossiya yoki Qozog‘istondagi kabi mahalliy valutada ifodalangan Visa yoki Mastercard xalqaro kartalarini muomalaga chiqarib, respublikamizda ham, chet elda ham birdek ishlatish, chet elda amalga oshirilgan to‘lovlarni konvertatsiya qilib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan bevosita yechib olish imkoniyati yaratildi. Bunga javoban to‘lov tashkilotlari «kobeyjing» kartalarini taklif qila boshladi», – dedi Markaziy bank rasmiysi.