Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xalq ta'limi vazirligi «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari yuzasidan ota-onalar va mas'ullarga murojaat qildi
Ertaga, 25 may kuni respublikamizda o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Masofaviy ta'lim shaklidagi maktablarda bu tadbir o‘tkazilmaydi. Bu haqda Kun.uz’ga Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova xabar berdi.
Joriy o‘quv yilida umumta'lim maktablarini 438 mingga yaqin o‘quvchilar bitiradi. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ushbu tadbirni karantin qoidalariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.
Vazirlik ota-onalar va maktab ma'muriyatlariga ushbu tadbirni o‘tkazish yuzasidan murojaat qildi.
“Ota-onalar va maktab ma'muriyatlaridan ushbu tadbirni farzandlarimiz uchun faqat ijobiy kechinmalar bilan eslanadigan qilib, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishni iltimos qilamiz. Shu bilan birga, joylarda turli e'tirozlarning oldini olish maqsadida, tadbirlarni ortiqcha xarajatlarsiz, xususan o‘quvchilar orasida oilaviy sharoitidagi farqni salbiy ko‘rsatishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil alohida kiyim-kechak, bezak, sovg‘alar va shu kabilarga katta mablag‘ sarflamasdan, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda o‘tkazishlarini so‘raymiz”, deyiladi murojaatda.
Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozirda ta'lim jarayonini onlayn tarzda olib borayotgan maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazilmaydi.
“Masofaviy ta'lim shaklidagi maktablarda bu tadbir o‘tkazilmaydi. Shuningdek, ularda karantin davri tugashi bilan jadval asosida imtihonlar jarayoni davom etadi”, dedi u.
Ma'lumot uchun, o‘tgan o‘quv yilida pandemiya munosabati bilan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari onlayn tarzda o‘tkazilgan edi.
Joriy yilda qo‘shni Qirg‘izistonda bu tadbir masofaviy o‘tkazilishi ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
23:54 / 26.05.2025
Namanganda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» vaqtida qizlarning sochi yonib ketdi
20:21 / 24.05.2025
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida avtomobil boshqargan o‘quvchilar aniqlandi
20:39 / 23.05.2025
Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi
15:31 / 18.05.2025