Jahon | 08:22 / 26.05.2021
4612
2 daqiqa o‘qiladi

Gennadiy Golovkinning boks qo‘lqopi 55 million tengega sotildi

Foto: Instagram.com

Qozog‘istonlik taniqli bokschi Gennadiy Golovkin o‘zining dastxati tushirilgan boks qo‘lqopini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Boks qo‘lqopi rekord narxga — 55 mln tengega (130 ming dollarga yaqin) sotib olindi. Bu haqda «Sabi» xayriya jamg‘armasi ma'lum qildi

Ma'lumotlarga ko‘ra, kimoshdi savdosi avvalgi hafta Almatida o‘tgan xayriya kechasi davomida o‘tkazilgan va unda Petropavlovskda bolalar shoshilinch jarrohlik markazi qurilishi uchun mablag‘lar yig‘ilgan.

Tadbir mehmonlari orasida Gennadiy Golovkindan (GGG) tashqari, Italiyaning Qozog‘istondagi elchisi Paskuale D’Avino, rossiyalik kinorejissyor Andrey Zvyaginsev, rossiyalik aralash kurashchi Zubayra Tuxugov ham bo‘lgan.

Kimoshdi savdosiga GGG’ga tegishli boks qo‘lqopidan tashqari, Habib Nurmagomedov dastxati tushirilgan futbolka ham qo‘yilgan.

Golovkin o‘z qo‘lqopini «Sabi» jamg‘armasiga sovg‘a qilgan. E'tiborlisi, dastlab 500 ming tengega baholangan boks qo‘lqopi oxir-oqibat 100 karradan qimmatroqqa – 55 mln tengega sotilgan. Nurmagomedovning futbolkasi esa 16 mln tengega xarid qilingan.

Xayriya kechasi tashkilotchilari umumiy hisobda 210,6 mln tenge yig‘ishga muvaffaq bo‘lishgan.

Gennadiy Golovkin hozirda IBF va IBO yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. The Ring jurnaliga ko‘ra, 2017 yil sentyabrdan 2018 yil sentyabrgacha vazn toifasidan qat'i nazar dunyoning eng yaxshi bokschisi deb e'tirof etilgan.

Mavzuga oid