Bugun, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Senat raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi.

«2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi qabul qilgan farmonlari qatoriga «Maktabgacha ta'lim vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmon kiradi. 2017 yildan boshlab, qisqa 3 yil muddatda 80ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar shu tizimni rivojlantirish uchun qabul qilindi.

Bu hujjatlarning eng asosiysi – «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun. Maktabgacha ta'limni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilina boshlandi.

3-4 yil oldin O‘zbekistonning maktabgacha ta'lim bilan qamrovi 27 foizni tashkil etardi. Ya'ni maktabgacha yoshdagi bolalarimizning faqatgina 27 foizi bog‘chalarga borishi mumkin edi. Lekin hozirgi kunda mana shu olib borilgan juda keng qamrovli ishlar natijasida bugungi kunda qamrovimiz 61 foizga yetdi va 2025 yilga qadar deyarli 100 foiz bolalarimizni ta'lim bilan qamrab olishni oldimizga niyat qilib qo‘yganmiz.

Eng asosiysi, oldin faqat davlat bog‘chalarini bilardik. Hozir bog‘chalar davlat-xususiy sherikligi asosida tashkil qilinyapti. Xususiy, kunduzgi, oilaviy bog‘chalarimiz juda ham keng rivojlanyapti», – dedi Senat raisi.