Qolaversa, milliy mentalitet, ma'naviyat, millat ruhiyati va madaniyati kabi jihatlarning demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirish uchun to‘la tayyor emasligi ham o‘tish davri islohotlariga salbiy ta'sir etmoqda.

Xo‘sh, jamiyatimizning bu muammolari yechilishi uchun u qanday tizimlashtirilishi, kasalliklarni davolash dastlab qaysi sohalardan boshlanishi kerak?

Kun.uz taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ayni shu mavzuda suhbat uyushtirdi.

— Xurshid aka, shaxsan siz o‘zbek jamiyatining bugungi dolzarb muammolarini nimalarda ko‘rasiz?

— Har qanday jamiyatda kechayotgan jarayon, voqea-hodisalarni kuzatish, idrok qilish va uni hazm qilish insondan katta aqliy mehnat talab qiladi.

Xo‘sh, 34 mln aholisi bor O‘zbekiston atalmish yurt bugun qayoqqa ketyapti? Biz bu savolni o‘rtaga tashlar ekanmiz, kechagi kunimizni ham yodga olamiz. O‘rtadagi bugun haqida gapirish uchun kecha va ertangi kun haqida ham albatta gapirish kerak.

Men Qur'oni Karimda kelgan bir oyatni ko‘p takrorlayman: «Qayon ketmoqdasizlar?!» – deydi Alloh. Xuddiki men shu savolni ko‘p o‘ylaganim uchun ham bugun siz menga shu savolni berayotgandeksiz.

Muqaddas oyati karimadagi shu savolni men har bir tanish va notanish kishiga bergim keladi. O‘ylab ko‘ringlar, qayoqqa ketyapmiz? Xudo umr berdi, insonmiz, yashayapmiz, oila qurdik, bola-chaqa, kasb orttirdik. Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi?

Har bir insonga berilgan shu savol jamiyatga ham beriladi. Davlatga, hukumatga va prezidentga ham albatta beriladi.

Hozir ko‘z o‘ngimizdan o‘tayotgan manzaralar 2016 yildan boshlandi. Aniqroq aytganda, O‘zbekistonda prezident o‘zgarishi natijasida boshlandi.

Siz muammolar ichida qolib ketgandekmiz, deyapsiz. Yo‘q, biz avval ham muammolar ichida yashayotgandik. Siz aytgandek, yuzlab, minglab muammolar endi qalqib chiqdi. Aniqrog‘i, davlat rahbari shu muammolarning el-yurt nazariga qalqib chiqishiga yo‘l qo‘yib berdi.

2016 yilda ham davlat sifatida mustaqillikka erishganimizga salkam 30 yil bo‘layotgandi. Hozir o‘tgan davrni to‘la taftish qilish niyatim yo‘q, lekin u davrda muammolarni xalq va jahon jamoatchiligi nazaridan berkitishga harakat qilardik. Go‘yo bizda muammo yo‘q, hamma yoq gullab yashnayapti, degan tushuncha bilan yashardik. Axborot yo‘q edi. Ong qachon shakllanadi, qachon jadal ishlaydi, qachonki axborot bo‘lsa. Xolis axborot ko‘payganda inson fikrlaydi.