DW xabariga koʻra, Tramp 16-oktabr kuni Oq uy oldida jurnalistlar bilan suhbatda bu masalaga munosabat bildirgan.
«Buni kimdir qilganmi, bilmayman. Bu men emas edim», - degan AQSH prezidenti. U cheklovlar haqida ertalabki yangiliklardan xabar topganini, oʻzi bilgan maʼlumotlarga koʻra esa tizim avvalgidek ishlayotganini aytgan.
Ilon Mask 14-oktabr kuni Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorovning X ijtimoiy tarmogʻidagi postiga javoban, Starshield ishini cheklashga oid qarorlarni AQSH harbiylari, yakuniy hisobda esa prezident qabul qilishini bildirgan. Fedorov unga tizim faoliyati bosqichma-bosqich tiklanayotgani uchun minnatdorlik bildirgan edi.
The Telegraph gazetasi 16-oktabrda toʻrt manbaga tayanib, Ukrainada Starshield imkoniyatlarini cheklash gʻoyasini Trampga Mask taklif qilganini yozdi. Manbalardan birining daʼvosiga koʻra, prezident taklifni maʼqullagan va shundan keyin Pentagon cheklovlarni kiritgan.
Gazeta maʼlumotiga koʻra, tizimdan harakatda foydalanish uchun tezlik chegarasi taxminan soatiga 160 kilometrni tashkil etmoqda. Bu internetning maʼlumot uzatish tezligi emas, terminal oʻrnatilgan qurilmaning harakat tezligiga oid cheklovdir. Nashr bunday chegara tez uchuvchi Rossiya reaktiv dronlari va raketalarini tutib qolishda qoʻllanadigan apparatlar imkoniyatini jiddiy cheklashini qayd etgan.
Biroq qaror kim tomonidan qabul qilingani haqidagi xabarlar turlicha. Reuters manbalari koʻrsatma Oq uydan kelganini aytgan boʻlsa, AFP suhbatlashgan amerikalik mansabdor Tramp bunday buyruq bermaganini bildirgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, Starshield ishidagi cheklovlar 14-oktabrga oʻtar kechasi paydo boʻlib, uchuvchisiz tizimlar faoliyati va logistikani qiyinlashtirgan. 15-oktabrda esa vazirlik dala sharoitida terminallar ishi tiklanganini xabar qilgan.
DW bilan ismini oshkor qilmaslik shartida suhbatlashgan yuqori martabali ukrainalik mansabdor Kiyev cheklovlar boʻyicha AQShdan izoh olmaganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina bu holatni keyinchalik yana cheklovlar joriy etilishi mumkinligi haqidagi signal sifatida baholamoqda.
















