Ilk ko‘rsatuvda Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Elyor Hakimov bojxona chegarasi orqali dori-darmon mahsulotlarini olib o‘tish tartibi qanday, bunda nimalarga e'tibor qaratish zarur degan savollarga javob beradi.
— Amaldagi qonunchilikka asosan, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali qanday transport vositasida kirib kelganidan qat'i nazar, belgilangan me'yorlar doirasida olib kirishi mumkin. Bu holatda jismoniy shaxs olib kirayotgan dori vositalarini deklaratsiyalash og‘zaki tartibda bo‘ladi.
Umuman, dori vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibi Vazirlar Mahkamasining «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar biror hujjat taqdim etmagan holda shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdordagi dorilarni olib kirishi yoki olib chiqishi mumkin:
- turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari;
- 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlar.
Bunda bir o‘ramda:
- qattiq (tabletkalar, drajyelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun – 100 birlikdan ortiq bo‘lmagan;
- eritma tayyorlash uchun qo‘llaniladigan kukunlar uchun – 500 grammdan ortiq bo‘lmagan;
- granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun – 50 grammdan ortiq emas;
- infuzion eritmalar va oral (og‘iz orqali) qo‘llaniladigan eritmalar uchun – 500 millilitrdan ortiq bo‘lmagan;
- inʼeksiyalar uchun eritmalar – 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
- tashqi dorilar, ya'ni surtma gellar, mazlar – 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq bo‘lmagan me'yor belgilangan.
Masalan, paratsetamol uchun 5 o‘ram, aspirin uchun 5 o‘ram va hakozo. Ketonal mazini oladigan bo‘lsak, undan 5ta tubik va har bir tubiki 200 gr.dan oshmasligi talab etiladi.

















