Qaror bilan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari hamda akademik litseylar reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan.

Belgilanishicha:

  • umumiy o‘rta ta'lim muassasasi direktori, uning o‘rinbosarlari, pedagog xodimlar faoliyatiga baho berish belgilangan tartibda tasdiqlangan ta'lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlari asosida hisoblangan natijalarga muvofiq amalga oshiriladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning ta'lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho berishda reyting natijalari inobatga olinadi.
  • akademik litseylar faoliyatining samaradorligi bo‘yicha monitoring yuritiladi, reyting ko‘rsatkichi past bo‘lganlariga nisbatan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan chora-tadbirlar belgilanadi va amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi har yili 1 sentyabrga qadar:

  • Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari reytingini;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar reytingini e'lon qiladi.

Mazkur qaror bilan maktablar reytingini aniqlash tartibiga bir qator yangiliklar kiritilgan.

Nizom bilan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlari va hisoblash metodikasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, maktablar reytingini aniqlashda:

  • 11-sinf bitiruvchilari tomonidan oliy ta'lim muassasalariga kirishda to‘plagan ballari;
  • OTMga o‘qishga kirganlar salmog‘i;
  • o‘quvchilarning bilim darajasi;
  • pedagoglarning sifati (salohiyati);
  • o‘quvchi va o‘qituvchilarning chet tillarini bilish darajasi;
  • o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovnoma natijasi;
  • ta'lim muassasasida ma'naviy-ma'rifiy va o‘quv tarbiyaviy muhit (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida) kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.