Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida ilk xorijiy safarini boshladi. U chorshanba kuni Buyuk Britaniyaga keldi, bu yerda u dastlab bosh vazir Boris Jonson bilan muzokaralar olib boradi, keyin «Katta yettilik» davlatlari sammitida ishtirok etadi. 16 iyun kuni Bayden Jyenevada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Buyuk Britaniyaga kelgach, Bayden Qirollik harbiy-havo kuchlarining Mildenholldagi bazasida amerikalik harbiylar qarshisida chiqish qildi. U o‘z tashrif dasturi haqida gapirdi, shu jumladan, Putin bilan bo‘lajak uchrashuvi haqida ham.
«Bu mening AQSh prezidenti sifatidagi ilk xorijiy tashrifim. Men «Katta yettilik» sammitiga boraman, keyin NATO vazirlari bilan uchrashuvga yo‘l olaman, keyin esa janob Putin bilan uchrashuv o‘tkazaman, unga bilishi kerak bo‘lgan gaplarni aytish uchun. Safarim bosqichlari davomida biz AQSh qaytgani va jahon demokratiyasi kelajagimiz uchun ahamiyatga ega bo‘lgan muhim muammolarni hal qilishga qat'iy qaror qilganini ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak», dedi Bayden va uning bu so‘zlari olqishlar bilan kutib olindi.
Shu tariqa, Bayden o‘z administratsiyasi olib boradigan tashqi siyosat o‘zidan avvalgi prezident, birinchi navbatda AQShning ichki muammolariga, keyin boshqalarga e'tibor qaratishga urg‘u bergan Trampning administratsiyasi siyosatidan jiddiy farqlanishiga ishora qildi. Oq uyning hozirgi rahbari shu vaqtgacha Trampning ko‘plab qarorlarini bekor qildi, jumladan, AQShni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytardi, Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga qo‘shildi hamda migratsiya bo‘yicha ba'zi cheklovlarni bekor qildi. U shuningdek, Vashington Tramp tomonidan bir necha bor qattiq tanqidga uchragan NATO blokiga sodiqligini ma'lum qildi.
Putin bilan uchrashuvda nimalar haqida gaplashiladi?
Prezident Bayden va Putin o‘rtasidagi birinchi uchrashuv 16 iyun kuni Jyenevadagi La Granj villasida bo‘lib o‘tadi. Bu AQSh prezidentining Yevropa bo‘ylab sakkiz kunlik turnesining yakuniy bosqichi bo‘ladi, shunday ekan, Bayden NATO bo‘yicha hamkorlari xavfsizligi sohasidagi barcha muammolarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oq uy Putin bilan muzokaralarda Bayden «e'tibor talab qiladigan barcha masalalar»ni, shu jumladan, qurollanish ustidan nazorat, iqlim o‘zgarishi, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy aralashuvi, rossiyalik hakerlar faoliyati va rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning ta'qibga uchrashi kabi masalalarni muhokama qilishni niyat qilgani haqida ta'kidlagan.
Chorshanba kuni Moskva shahar sudi Navalniyning tuzilmasini ekstremistik deb topgan va uning faoliyatini taqiqlagandi. Endi Navalniyning hududiy shtablari, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) va Fuqarolar huquqlarini himoya qilish fondiga har qanday ma'lumotni tarqatish, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, saylovlarda qatnashish va aksiyalar tashkil etish taqiqlandi.
















