DW nashrining farmonga tayanib xabar berishicha, qaror Serbiyaning Bachka-Palanka shahrida roʻyxatdan oʻtgan Tarkett kompaniyasiga tegishli «Tarkett» aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini ham qamrab oladi.

Farmon bilan boshqa xorijiy kompaniyalarning Rossiyadagi aktivlariga ham vaqtincha boshqaruv joriy etilgan. Ular orasida «Kappa Rus»ning 12 565 ta aksiyasi, shuningdek, «Onteks RU», «Eviosis Pekedjing Kuban» va «Mensen Pakajing SNG» kompaniyalarining 100 foizlik ulushlari bor.

Tarkett turarjoylar, savdo, sanoat va sport inshootlari uchun pol qoplamalari ishlab chiqaradi. DW maʼlumotiga koʻra, kompaniyaning 34 ta zavodi mavjud boʻlib, ularning ikkitasi Rossiyada joylashgan. Kompaniya, shuningdek, eskirgan pol qoplamalarini qayta ishlovchi sakkizta korxonaga ega.

Sentabr oyida Nestle, Metro, Auchan va Leroy Merlin’ning sobiq Rossiya biznesi boʻlgan «Lemana Pro» aktivlari ham vaqtincha boshqaruvga oʻtkazilgan edi.

Reuters agentligi Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, 2022-yilda Ukrainaga keng koʻlamli hujum boshlanganidan keyin ham Rossiyada ishlashda davom etgan yirik Gʻarb kompaniyalari aktivlariga qaratilgan choralarni sanksiyalarga javob kampaniyasi sifatida taʼriflagan.

Agentlik suhbatdoshlari UniCredit va Raiffeisen banklarining Rossiyadagi boʻlinmalariga ham vaqtincha tashqi boshqaruv joriy etilishi mumkinligini istisno qilmagan. Biroq bu haqda qaror qabul qilingani xabar qilinmagan.