Ukraina rasmiylari Rossiya marketpleyslari hamda boshqa obyektlariga zarba berishdan oldin buning oqibatlarini baholashi lozim edi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Delovaya Rossiya» forum-syezdida.
«Biz raqibning platformalarimizga - ham Wildberries, ham Ozon’ga qarshi harakatlariga duch keldik. Darvoqe, ular doim shunday qadamlarni tashlaydilarki, ochigʻini aytganda, biz bularni oldindan koʻra bilishimiz kerak edi. Ammo biz ular bu darajaga bormaydi deb oʻylagandik.
Ular bunga ham jurʼat etishdi, endi biz javob qaytara boshlaymiz. Shundan soʻng ular darhol oʻz homiylariga yugurib, bizga taʼsir oʻtkazishni va bizni toʻxtatishni yolvorib soʻrashadi. Energetika obyektlari masalasida ham xuddi shunday boʻlgandi. Mana, ular haligacha buni davom ettirishmoqda. Kecha ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishga urinishdi. Hozir ham baʼzi joylarga zarba berildi. Hech qanday jiddiy talafot yoʻq, biroq ular baribir oʻz harakatlarini davom ettirishmoqda.
Elektron tijorat platformalari bilan ham xuddi shu ahvol. Mana, ular birinchi boʻlib qadam tashladi va biz javob berishni boshladik. Hozir u tomonda energetika boʻyicha ham, boshqa obyektlar, jumladan, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va shu kabilar yuzasidan ham dod-voy solishyapti. Buni ularning oʻzi boshladi. Boshlamaslik kerak edi. Bu qadamni qoʻyishdan avval uning oqibatlari haqida yaxshilab oʻylab koʻrish lozim edi».















