O‘zbekiston | 09:13 / 11.06.2021
3918
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ng‘irotda tuproq bosib, halok bo‘lgan 3 kishi suv quvurini noqonuniy olib ketmoqchi bo‘lgani ma'lum bo‘ldi

Qo‘ng‘irot tumanida suv quvuri qaziyotgan 4 kishini tuproq bosib qolib, ularning 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgandi. «Qoraqalpoq suv ta'minoti» voqeaning ba'zi tafsilotlarini e'lon qildi.

Unga ko‘ra, ushbu fuqarolarning 3 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Ular 9 iyun kuni tonggi soat 4:00-4:30 atrofida diametri 300 millimetr bo‘lgan cho‘yan quvurni noqonuniy tarzda sindirib olib ketmoqchi bo‘lganda, yog‘ingarchilik tufayli yumshab qolgan tuproq ostida qolgan. 

3 kishi voqea joyida vafot etgan bo‘lsa, bir kishi qochib ketgan va keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi voqea «Suo‘yonli» ovuli hududida soat 05:30 larda yuz bergani, 1990 yilda tug‘ilgan S.U., voyaga yetmaganlar — 2006 yilda tug‘ilgan S.K., 2007 yilda tug‘ilgan S.M. va 2004 yilda tug‘ilgan D.M. yer ostidagi suv quvurini qazib olayotgan vaqtida tuproq o‘pirilib, bosib qolganini ma'lum qilgandi. S.U., S.K. va S.M. voqea joyida vafot etgan, voyaga yetmagan D.M. esa tuproq ostidan chiqarib olinib, Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid