Urganch aeroportida charter reysning qoldirilishi yo‘lovchilarni norozi qildi
12 iyun kuni Xorazm viloyati markazi, Urganch shahri xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning ommaviy noroziligi bilan bog‘liq holat yuz berdi.
Shu kuni «Urganch – Sankt-Peterburg» yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishi lozim bo‘lgan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining charter reysi qoldirilgan.
Aslida ushbu reys 8 iyun kuni uchib ketishi lozim edi. Biroq, oldin 10 iyunga, keyin 12 iyunga, so‘ngra 13 iyunga qoldirilgan. Bu holat yo‘lovchilarning e'tiroziga sabab bo‘lgan. Ular uzoq joylardan xarajat qilib aeroportga kelayotgani, ammo har safar parvozning qoldirilayotganiga norozilik bildirishgan.
Shundan so‘ng, yo‘lovchilar oldiga aeroport direktori Xudoybergan Quryozov chiqib, aeroportning charter reyslar bilan bog‘liq vaziyatga aloqasi yo‘qligini, faqat yo‘lovchilarga, havo kemalariga xizmat ko‘rsatishini, chiptalar va ularning narxi bilan shug‘ullanish vakolatiga ega emasligini tushuntirgan.
Urganch shahar hokimi Oybek Xolboyev bilan viloyat hokimi Farhod Ermanov voqea joyiga yetib kelgan va yo‘lovchilarni tinchlantirgan.
Jumladan, viloyat rahbari charter reysning qoldirilishi O‘zbekistonga bog‘liq emasligini, balki Rossiya hukumatining qarorlari bilan bo‘layotganini tushuntirgan. Uzoqdan kelgan yo‘lovchilar mehmonxonaga bepul joylashtirilishi, ovqat bilan ta'minlanishi, ularni zudlik bilan Rossiyaga yuborish choralari ko‘rilishi, agar bu ish amalga oshmasa, chipta puli 500 ming so‘m kompensatsiya qo‘shilgan holda qaytarib berilishini va'da qilgan.
Bir necha soatdan keyin yo‘lovchilar «Urganch – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketishgan. Ularga Toshkent shahridan charter reys orqali Rossiyaga jo‘natilishi va'da berilgan.
«Urganch xalqaro aeroporti» ma'muriyati xabariga ko‘ra, 202 yo‘lovchi 13 iyun kuni Toshkent shahridan charter reys orqali Moskva va Sankt-Peterburgga yetkazib qo‘yilgan.
Mavzuga oid
20:03 / 18.11.2024
Yevropaning eng gavjum aeroporti nomi e’lon qilindi
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
10:31 / 15.11.2024
Urganch va A380 trassasi o‘rtasidagi 81 km yo‘l rekonstruksiya qilinadi
19:31 / 14.11.2024