Yevro-2020 boshlanishidan keyin okean ortida 2021 yilgi Amerika Kubogi bahslariga ham start berildi. Janubiy Amerika mamlakatlari o‘rtasida o‘tayotgan hisob bo‘yicha 47-turnir mezbonligi Kolumbiya va Argentinadan Braziliya maydonlariga ko‘chirilgan. 10ta jamoa ishtirok etayotgan turnir 14 iyun kuni start olib, final o‘tadigan – 11 iyul kuniga qadar davom etadi.

Turnirning 10 jamoasi ikki guruhga bo‘lingan holda 5 turda 4tadan o‘yin o‘tkazib, chorakfinalchilarni aniqlashadi. So‘ng yarimfinal va final ishtirokchilari ma'lum bo‘ladi. O‘yinlar Braziliyaning Rio-de-Janeyro, Brazilia, Kuyaba va Goyaniya shaharlaridagi jami 5ta stadionda o‘tkaziladi.

Bugun, 14 iyun Toshkent vaqti bilan tongda dastlabki ikki o‘yin o‘tkazilib, unda Braziliya Venesuelani (3:0), Kolumbiya esa Ekvadorni (1:0) mag‘lub etdi.

Bugun, 14 iyundan 15 iyunga o‘tar kechasi, musobaqaning 2015 va 2016 yildagi finalchilari - Argentina va Chili milliy jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishadi. Ushbu bahsda Messi va Sanches qarama-qarshiligi guvohiga aylanishimiz mumkin. Oldingi ikki finalda Aleksis Lioneldan omadliroq chiqqandi.

Shuningdek, guruh bosqichi davomida 19 iyun kuni «A» guruhida Argentina – Urugvay bahsida Messi – Suares to‘qnashuviga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin. «B» guruhida esa Neymar yetakchiligidagi Braziliyaning Kuadrado sardorligidagi Kolumbiyaga qarshi bahsi ham e'tiborli qarama-qarshilikka aylanadi.

Final 11 iyul kuni turnirning amaldagi g‘olibi Braziliya milliy jamoasining uy stadioni sanalmish afsonaviy «Marakana» stadionida o‘tkaziladi.

 Amerika Kubogi-2021 taqvimi bilan tanishing:

«A» guruhi  

15 iyun (seshanba)
02:00. Argentina - Chili
05:00. Paragvay – Boliviya

19 iyun (shanba)
02:00. Chili - Boliviya
05:00. Argentina - Urugvay

22 iyun (seshanba)
02:00. Urugvay - Chili
05:00. Argentina - Paragvay