O‘zbekiston | 15:00 / 19.06.2021
9156
2 daqiqa o‘qiladi

Gektaridan 80 sentner g‘alla olgan nishonlik dehqonlar viloyatda birinchi bo‘lib shartnoma rejalarini bajarishdi

Nishon tumanining dehqon-fermerlari mamlakatda birinchilardan, viloyatda esa birinchi bo‘lib g‘alla topshirish shartnomaviy rejasini bajardilar.

Nishon tumanida 2021 yil hosili uchun 740 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 18500 gektar maydonga g‘alla ekib, parvarishlandi. Tuman dehqonlari ichki bozorda don va non narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat resurslariga 24810 tonna don topshirishi rejalashtirilgan.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida bugun nishonlik mirishkorlar respublikada birinchilar qatorida, viloyatda birinchi bo‘lib, 25677 tonnalik ulkan xirmonni yaratishdi.

Ayniqsa, “Ro‘zimurodov Nodir”, “Ernazarov Baxtiyor”, “Zizifara”, “Doliyev Tohir”, “Bahor ko‘zgusi”, “Nishon g‘allakori” fermer xo‘jaliklari gektaridan 70-80 sentnerdan hosil olib, davlatga don sotish rejasini 108-130 foizga bajardilar.

Hozirda 118 ta fermer xo‘jaliklarining g‘allasiga kombayn tushgani yo‘q. Bu yil nishonlik fermerlar davlatga 30 ming tonnadan ortiq don sotishni rejalashtirgan.

Ma'lumot o‘rnida, viloyatda 6234 ta fermer xo‘jaliklari va 21 ta g‘allachilik klasterlari tomonidan 140 ming gektar maydonga g‘alla ekib, 270,2 ming tonna donni davlat resurslariga sotish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 174,5 ming tonna (65 foiz) g‘alla davlatga sotildi. O‘rimga tushgan 3780 ta fermerlarning 776 tasi (20 foiz) shartnoma rejasini bajardi. Qolganlarida o‘rim davom etmoqda.

O‘rim-yig‘im tadbirlariga 392 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari, 1756 ta yuk tashish texnikalari, 141 dona ko‘chma ustaxonalar va 149 ta yoqilg‘i tarqatish texnikalari jalb qilingan.

Bundan tashqari, tez kunlarda Muborak va Koson tumanlari ham shartnoma rejasini bajarishga yaqin turibdi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid