14:37 / 28.06.2021
3023

Samarqandda tekshiruvchilar uchun o‘qituvchilardan pul yig‘moqchi bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida tekshiruvchilar uchun o‘qituvchilardan 150 ming so‘mdan pul yig‘moqchi bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan holat mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilgan. Maktab direktori tomonidan tekshiruvchilar uchun 150 ming so‘mdan pul talab qilingani haqida audio yozuvlar bo‘lsa-da, biroq maktabdagi o‘qituvchilarning maktab direktoriga pul mablag‘lari bermaganligi haqidagi ko‘rsatmalari, mutaxassislarning dalolatnomasi hamda viloyat XTBning xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ammo, maktab direktori tomonidan dars vaqtida o‘qituvchilarga yig‘ilishlar tashkil qilingani va qo‘pol muomalada bo‘lgani holati o‘z tasdig‘ini topgan va unga «hayfsan» intizomiy jazosi berilgan.

Qayd etilishicha, tekshiruv natijasiga ko‘ra, prokuratura tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, direktor va uning ikki nafar o‘rinbosarlari mehnat qonunchiligini buzganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, pul yig‘ish masalasini muhokama qilganligi sababli direktorning yana bir nafar o‘rinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Top