Forishga kirib borishda Qoratosh qishlog‘i joylashgan. Tog‘lar, qirlar va buloqlari ko‘p. Kinobop joylar. Tuman markaziga boruvchilar shu qishloqni bosib o‘tishadi va albatta go‘jachi onalar, opalarning chaylasida mehmon bo‘lishni odatga aylantirishgan ekan.

Oyjamol Tolipova qishloqdagi eng tajribali go‘ja tayyorlovchilardan biri. Onaxon 1982 yildan shu yerda go‘ja sotishni boshladik, deydi. U kishi dastlab go‘janing bir kosasi 50 tiyindan sotilganini esladi. Forishliklarning ota-bobolari avvaldan go‘ja tayyorlashga usta bo‘lishganini, an'ana avloddan avlodga o‘tib kelganini ma'lum qildi. Ular hozirgi vaqtda go‘jani to‘rt xil mahsulot — bug‘doy, makkajo‘xori, jo‘xori hamda guruchdan tayyorlashayotgan ekan.

Bir holat e'tiborimizni tortdi: go‘jachi ayollar xaridor kelganida ularning oldiga yugurib chiqishmas ekan. Yoshi ulug‘lar chaylada soyalab turishibdi, yosh qizlar qo‘lda daftar tutib, ro‘yxat qilib olishgan. Olg‘ir va chaqqonlar emas, hamma birdek go‘ja sotarkan. Kimning navbati kelsa, xaridor o‘shaning go‘jasidan olishi kerak bo‘larkan.

Hamida Eshonqulovaning aytishicha, hech qachon ular «go‘jamni birinchi bo‘lib sotib ketaman», deb tortishib qolishmaydi. Qishloqda oltmish nafar go‘ja sotuvchi ayollar bo‘lib, ular o‘ziga xos tartib joriy qilishgan. Aytaylik, bir kun o‘ttiz nafar xotin-qizlar go‘ja olib chiqsa, ertasi kuni qolgan o‘ttiz nafarining navbati. Har kuni sotaman, degan qoida yo‘q. Ayollar bir kun uy ishlari, taomni tayyorlash bilan band bo‘lisharkan. Omadimiz kelsa, kuniga 20-25 kosagacha go‘ja sotamiz, ayrim kunlari bir kosa ham sotilmasligi mumkin, dedi Hamida opa.