Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari bo‘lgan ayol aholiga sotilgan un pulini o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv tadbirida shu tumandagi mahallalardan birida rais o‘rinbosari bo‘lib ishlaydigan ayol ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur ayol tumandagi un ishlab chiqaruvchi korxona mas'ullarining ishonchiga kirib, ulardan mahalla fuqarolariga sotish uchun 140 qop un olgan. So‘ng unni uyiga tushirib, aholiga sotgan va savdodan tushgan 18 million 900 ming so‘m pulni tadbirkorga bermasdan, o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.











