Suhbatimiz Janubiy Koreyadagi ta'lim, talabalarga beriladigan imtiyoz va imkoniyatlar haqida kechdi.
O‘zini namoyon qila olgan talabalar uchun imkoniyatlar yetarlicha
Xorijda o‘qishga qiziqishimga rivojlangan davlatlardagi ta'lim tizimi sifati va bu mamlakatlardagi imkoniyatlar, mazkur universitetlarni tamomlagach, erishishingiz mumkin bo‘lgan natijalar sabab bo‘lgan.
Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarim ham chet elda tahsil oladigan yoshlarning bloglarini kuzatib, ularga havas qilardim. 2018 yil tavakkal qilib o‘qishga topshirdim va qabul qilindim. Hozir men ta'lim oladigan universitet Koreyada TOP-10 talikka kiradi. Yo‘nalishim «Global studies», ba'zi ta'lim muassasalarida «Global affairs» deb ham ataladi. Buni global ta'lim deb ham tarjima qilish mumkin. Bu yo‘nalish boshqalariga nisbatan yosh. Lekin xalqaro aloqalar sohasi bunga yaqin turadi. Ammo «Global studies» xalqaro aloqalardan tashqari, xalqaro iqtisodiyot, xalqaro moliya, xalqaro o‘zgarishlar va globalizatsiyani ham o‘z ichiga oladi. Keng qamrovli soha bo‘lgani uchun ichki tanlov asosida ma'lum bir yo‘nalishni olish mumkin. Xalqaro aloqalar bo‘yicha ketishni istasangiz, xalqaro siyosatga doir fanlarni o‘qiysiz. O‘z qiziqishingizga qarab keyingi qadamni qo‘ysangiz bo‘ladi.

Pusan milliy universiteti o‘z nomi bilan milliy universitet. Ta'lim tizimi yetarlicha raqobatbardosh, juda ham ko‘p abituriyentlar topshiradi, lekin kamchilik o‘qishga qabul qilinadi. Endilikda qabul kvotalari biroz ko‘paymoqda. Lekin boshqa universitetlarga qaraganda chet ellik talabalar soni kamroq. To‘lov-kontrakt miqdori ham boshqa universitetlarga nisbatan kam — 2–3 baravar arzon. Har semestr TOP-3 talikka kirgan eng yaxshi talabalarga kontrakt uchun 70 foiz, 15 kishiga 40 yoki 50 foizlik imtiyozlar berishadi. O‘z yo‘nalishini yaxshi ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar shu tarzda moddiy rag‘batlantiriladi. Shu sabab ham talabalar bir semestr yaxshi o‘qib, keyin o‘qishni tashlab yuborishmaydi, har semestrda kontraktni kamroq to‘lash uchun ham harakat qilishadi. Bular faqat bizning universitetga tegishli emas, Koreyadagi yoki boshqa mamlakatlardagi universitetlarda ham shu kabi pulli imtiyozlar bor. Agar o‘qisangiz, o‘zingiz namoyon qila olsangiz, har xil imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Moddiy rag‘bat talabalarga motivatsiya beradi
Koreyada bunday imtiyoz tizimi deyarli hamma universitetda bor. Siz ma'lum bir balldan yuqoriroq yig‘sangiz, masalan, GPA baholash tizimi bor, 4,5 ballikda baholanadi. Umumiy ball 4 dan oshsa, ko‘plab universitetlarda yuqorida ta'kidlangan stipendiyalarni olsangiz bo‘ladi. Bu talabalarga yetarlicha motivatsiya beradi, kimdir moliyaviy jihatdan qiynalgan bo‘lsa u uchun katta yordam bo‘ladi deb hisoblayman. Bulardan tashqari, o‘qigan, faol talabalar uchun ko‘plab dasturlar bor. Ularda qatnashib, ma'lum o‘rinlarni egallagan yoshlar uchun sayohatlar, seminarlar, boshqa bir xalqaro universitetlarda o‘qib kelish uchun xarajatlarning ma'lum qismini qoplab berishadi. Bu tizim O‘zbekistonda ham bor, albatta.


















