Javohir ayni kunlarda Braziliyada, Shirin esa Portugaliyada mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Javohir Chorshanbayev 27 yoshda. “5 THOUSAND MILES” kompaniyasida 3 yarim yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. (Braziliya):
- O‘rta maktabni Portugaliyada tugatganman. Oliy ta'limning 3-yilini Ispaniyada oldim. Universitetni bitirish amaliyotini O‘zbekistonda Savdo-sanoat palatasida o‘tadim. Portugaliyada maktabda ham, universitetda ham o‘qishga hech kim majbur qilmaydi — na ota-ona, na o‘qituvchi. Ular faqat nazorat qilishi mumkin. Bola o‘zi xohlamasa, sinfdan sinfga qolib ketaveradi. Bolaning o‘zida xohish bor bu yerda. Ta'lim bu yerda interfaollik bilan olib boriladi.
Portugaliyada universitetga kirish oson, bitirish qiyin. Bir vaqtning o‘zida 6 ta oliygohga topshirish imkoni bor. Qaysi tanlov yuqori bo‘lsa shunga qarab kiriladi. O‘qishga kirish uchun bitiruv balli hisoblanadi. Kirish imtihonlari yo‘q, bitiruv imtihonlari bor. O‘sha ball bilan bir vaqtning o‘zida 6 ta universitetga kirish mumkin bo‘ladi. Mening Portugaliyaga nisbatan kuchli tomonim O‘zbekistondan kelganim edi. Boshqa davlatni taniganim, boshqa mamlakat farzandi bo‘lganim, o‘ylashimcha. Juda kam odam O‘zbekistonni biladi. Imkoniyat bor, hali hech kim qilmagan ekan, nega men birinchi bo‘lib qilmasligim kerak bu ishni. Boshidan niyatim shu edi: O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida qandaydir biznes aloqa qurish. Ota-onam bilan maslahatlashib marketing, xalqaro biznesni tanladim. Kelajakda ham yurtimiz bilan aloqa qilsam aynan shu sohalarda ishlamoqchiman.

Shirin Chorshanbayeva — stomatolog. 8 yoshda Portugaliyaga kelgan.
- Men o‘qiydigan kurs 5 yildan iborat. 3 yili bakalavr, 2 yili magistratura. 3 yil nazariyaga qaratilgan, 2 yil amaliyot. Bu yerda 9-sinfni bitirgandan keyin o‘quvchilar 4 ta yo‘nalishdan birini tanlaydi. Shunda men tibbiyotni tanlaganman. Bu yo‘nalishda biologiya, geologiya, kimyo, fizika fanlarini chuqurroq o‘qish kerak. Matematika va portugal tilidan ham imtihon topshirganman. Portugal tili bo‘yicha imtihon hamma yo‘nalishda bor. Tibbiyotni yoqtirardim. Qolaversa, bu ota kasb. Bundan tashqari, bu soha dunyoning qaysi joyida bo‘lmasin, o‘zgarmaydi. Qaysi ma'noda, odam organizmi O‘zbekistonda ham, Portugaliyada ham bir xil. Bu kasb egalari hamma joyda kerak. Men 6 ta universitetga topshirganda birinchi o‘rinda tibbiyotni tanlagandim, bu yerda yo‘nalish sifatida tibbiyot va stomatologiya biroz farq qiladi. 2-tanlovim stomatologiya edi. Kelasi yil qayta topshirishim va tibbiyot bo‘yicha tahsil olishim mumkin edi. Lekin o‘zim buni yoqtirdim. Chunki ham nazariya, ham amaliyot birga olib boriladi. Siz insonlar chiroyli tabassum qilishlariga yordam berasiz.





















