26 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Kun.uz muxbirining savollariga javob bergandi. Suhbat davomida jumladan, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xodimlari 6 oydan buyon maoshlarini ololmayotgani masalasi ham ko‘tarilgan hamda Abduhakimov bu masala o‘z yechimini topganini ma'lum qilgan.

«Olti oy emas, sal kamroq. Bu masala yechildi. O‘zim borib shug‘ullandim. Bilasiz, federatsiyada bungacha juda katta muammolar bo‘lgan. Bizning bir qator iqtidorli, yosh qizlarimizga yo‘l berilmagan. Bir qancha insonlar esa faqat o‘z yaqinlarini xalqaro turnirlarga yuboravergan. Biz buni ham bartaraf etdik», degandi u.

Shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qilib kelayotgan Aziz Abduhakimovning yuqoridagi javobidan keyin masala yechimini topganiga yoki hech bo‘lmasa, shundan keyin yechilishiga ishongandik. Ammo...

Shu kunlarda shaxmat federatsiyasida ishlovchi mas'ul xodimlaridan biri tahririyat bilan maoshlar masalasida bog‘landi. Shaxsi sir qolishini so‘ragan manbaga ko‘ra, Aziz Abduhakimovning oyliklar masalasida Kun.uz’ga bergan javoblari mutlaqo yolg‘on. U maoshlar masalasini hal qilganicha yo‘q. Tashkilot xodimlari hozir ham oylik-maoshsiz ishlab kelmoqda.

Aziz Abduhakimov

U bu borada bizga yana quyidagilarni so‘zlab berdi:

«Oylik-maoshlar muammosi federatsiyada o‘tgan yili aprel oyida boshlangandi. O‘shanda rahbariyat karantin sabab, federatsiya xodimlarini ish haqi to‘lanmaydigan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarib yuborgandi. Ammo shu bilan birga ish onlayn tarzda davom etaverdi. Biz shu tartibda aprel oyidan yil oxiri – dekabrgacha ishladik.

2021 yil yanvar oyida esa prezident Shavkat Mirziyoyevning «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori chiqdi. Shu qaror bilan O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirish, shuningdek, federatsiya xodimlarining oyligi masalasida sezilarli ishlar ham qilina boshlandi. Masalan, 2021 yil yanvarida markaziy shaxmat klubidan qarz olindi va shu qarz hisobidan xodimlarga yanvar-fevral oyi uchun maoshlar to‘lab berildi. Ammo xodimlarga oylik to‘lash shu ikki oyni aytmasak, yana to‘xtatildi.

Afsuski, shundan beri, mana 5 oydirki, oylik olmay ishlayapmiz. Rosti, ko‘p xodimlar, jumladan, o‘zim ham do‘st-tanishlardan qarz-havola qilib yashayapman», deydi federatsiya xodimi.