Jahon | 09:32 / 30.07.2021
4555
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada koronavirusning to‘rtinchi to‘lqini boshlangani e'lon qilindi

Foto: AP

Koronavirusning “delta” shtammi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada kasallanish darajasining oshishiga olib keldi. Dunyoning ushbu qismida virusning to‘rtinchi to‘lqini kuzatilmoqda. Bu haqda g‘arb OAV JSSTning Sharqiy O‘rta yer dengizi hududiy byurosiga tayanib xabar berdi.

“Yangi kasallanganlar va shifoxonaga tushganlarning aksariyatini emlanmagan kishilar tashkil qilmoqda. Hozir biz mintaqada koronavirus tarqalishining to‘rtinchi to‘lqinidamiz”, deb aytgan byuro direktori Ahmad al-Mandhariy.

Ayni vaqtda “delta” shtammi mintaqaning 22 davlatidan 15tasida – Marokashdan tortib Pokistongacha qayd qilingan. JSSTning mintaqaviy byurosi bayonotida ta'kidlanishicha, ushbu shtammning aholi orasida aylanib yurishi mintaqa davlatlarida koronavirus bilan kasallanish va o‘lim holatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, iyulda koronavirus bilan kasallanish darajasi iyunga nisbatan 55 foizga, undan o‘lim esa 15 foizga oshgan.  

Shuningdek, mintaqaning turli davlatlaridagi intensiv davolash palatalarida kislorod ballonlari va koykalarning falokatli tarzda yetishmayotgani ma'lum qilinmoqda. 

JSSTning ta'kidlashicha, “delta” shtammi mintaqada tez sur'atlar bilan ustuvor turga aylanib bormoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid