2021 yil sentyabr oyidan boshlab, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation» Futbol Akademiyasi o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, akademiya iste'dodlarni qidirib topish va ularni akademiyaga jalb etish ishlari boshlanganini e'lon qiladi. Akademiya ma'muriyati bu borada rahbariyat tomonidan tasdiqlab berilgan ish rejasiga ko‘ra tanlov ishlarini boshlab yubordi.

Birinchi bosqich ko‘rik tanlovlari Toshkent viloyati hududida olib borildi: Yangiyo‘l, Bo‘ka, Ohangaron, Ahmad Yassaviy, Bekobod shahri va tumanida iqtidorli yoshlar ko‘rib chiqildi. Uch kun davomida oltita yosh toifasida ko‘rik tanlovlar o‘tkazildi. Tanlovda 500 nafardan ziyod bolalar ko‘zdan kechirildi va eng iste'dodli deb topilgan 85 nafar bola akademiyada tahsil olish uchun tanlab olindi. Tanlovning ikkinchi bosqichi butun Respublikamiz hududini qamrab oladi. Ma'muriyat bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat bilan chiqqan. Bolalar va o‘smirlar futboliga mas'ul departament yordamida 3-8 avgust sanalari oralig‘ida Farg‘ona vodiysida, shuningdek, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Ayni vaqtda akademiya skautlari mazkur hududlarda ishni boshlab yuborgan. Ko‘rik tanlovning birinchi bosqichida asosan, yosh futbolchilarning o‘yin amaliyoti tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Tez orada Ispaniyadan «Real Madrid» akademiyasidan mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Ular endigi ushbu tanlovning ikkinchi bosqichini chuqurlashtirilgan va markazlashtirilgan holda o‘tkazishadi. Shunga ko‘ra, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasida tarbiyalanuvchi iqtidorli yoshlar uzil-kesil tanlab olinadi.

Shu o‘rinda, barcha yoshlar diqqatiga aytib o‘tishni istar edikki, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» eshiklari barcha xohlovchilar uchun ochiq hisoblanadi. Buning uchun iste'dodli bolalar o‘z hududlaridagi futbol assotsiatsiyasiga murojaat qilib, tanlovga yozilishlari yoxud bevosita Bekobod shahriga kelib, akademiya rahbariyati bilan uchrashishlari lozim bo‘ladi.

Hozircha «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasida olti yosh toifasida (11-16 yosh) o‘quv guruhlar tashkil etiladi. Barcha o‘quv va mashg‘ulotlar Real Madrid standartlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu Akademiyada tahsil oluvchi o‘quvchilar futbol sir-asrorlarini o‘rganishdan tashqari xorij (ingliz, ispan) tillarini chuqurlashtirilgan holda o‘zlashtirishadi. Shuningdek, ijtimoiy fanlar bo‘yicha ham eng malakali ustozlar saboq berishi kutilmoqda. Har o‘quv yili yakuniga ko‘ra, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasining eng iqtidorli, iste'dodli yosh o‘quvchilari amaliyot o‘tash uchun Ispaniyaga – qirollik klubi «Real Madrid» akademiyasiga tajriba almashish maqsadida olib boriladi.