AQSh va NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilishi ortidan Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealar yuzasidan mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar «Izvestiya» nashriga intervyu berdi.

— Amerika qo‘shinlari olib chiqilishi ortidan oxirgi vaqtlarda Afg‘onistondagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Ushbu holatni fuqarolar urushi deb talqin qilish mumkinmi?

— Yo‘q, bu fuqarolar urushi emas. Bu hech qachon bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Mamlakatdagi holat nafaqat Afg‘oniston toliblari, balki Markaziy Osiyo, Xitoy, Pokiston va «Al-Qoida»ning odamlarini birlashtirgan xalqaro terrorchilar tarmog‘i boshlagan urush. Ularning ishtiroki fuqarolar urushi tushunchasidan Afg‘oniston va mintaqa bilan xalqaro terrorizm urushigacha bo‘lgan voqealarning xarakteristikasini o‘zgartiradi.

Bir tomondan, biz chet elliklarning mamlakatdagi urushda ishtirokini ko‘ramiz, boshqa tomondan, ularning maqsadi Afg‘oniston bilan chegaralanmaydi. Mamlakatimizdagi holat butun mintaqa va xalqaro hamjamiyatga tahdid soladi. Shu sabablarga ko‘ra, 2002 yil boshida AQSh, NATO, Xitoy, Rossiya ishtirokida imzolangan xalqaro konsensus asosida butun dunyo xalqaro terrorizmga qarshi kurashda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgandi. Ular buni qilishdi, chunki ularning manfaatlari ham jiddiy ravishda buzilgan edi. Men yana bir bor takrorlayman: bu yerda hech qachon fuqarolar urushi bo‘lmagan, kelajakda ham bo‘lmaydi.

— Hozirda tashqi o‘yinchilarning Afg‘onistondagi vaziyatga jalb etilishi prezident Ashraf G‘ani hukumati uchun maqbul yo‘lmi?

— Buni tushuntirib berishga harakat qilaman. Biz tariximizning eng qiyin davrlaridan birini boshdan kechirmoqdamiz, bizning milliy manfaatlarimiz, ayniqsa xavfsizlik sohasida, butun mintaqa xavfsizligi va xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan bir xil. Bizning barqarorligimiz, xavfsizligimiz va farovonligimizga terrorizm, giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilik tahdid solmoqda. Bu faqat Afg‘oniston uchun tahdid emas. Shuning uchun, birinchi navbatda, hammamiz umumiy tahdidga duch kelmoqdamiz va bu tahdidni yengish uchun umumiy strategiyaga ega bo‘lishimiz va umumiy mas'uliyatni bo‘lishishimiz kerak. Shuning uchun biz barcha xalqlarni Afg‘oniston bilan birgalikda kurashishga chaqiramiz.

Qo‘rqoqlarcha terrorchilar bilan ishlaydigan va terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar bor, bu bizning tashvishimizni keltirib chiqarmoqda. Biz har doim bunday «sherik»larga aytib kelganmizki, bu kabi yirtqich hayvonni parvarishlash oxir-oqibat o‘z xo‘jayiniga qarshi bo‘ladigan «Frankenshteyn»ni yuzaga keltiradi. Terrorizmni boshqa mamlakatga qarshi ishlatish vaqti kelib bunday «sheriklar»ning o‘zlariga tahdid soladi.