Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.

«Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu yerda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bog‘lanib ketgan.

Davlatimiz rahbari bir necha bor ta'kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oldida umumiy sa'y-harakatlar bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdek bosh maqsad turibdi. Bu maqsadga erishish, mintaqa salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlarimizning manfaatlariga mos bo‘lgani uchun keng qo‘llab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham g‘oyat muhim va mazmunli bo‘ldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa'y-harakatlar natijasida bugun mintaqa yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini ta'kidladi.

«Bu yerda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining o‘rni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Davlat rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon etib, qator takliflarni ilgari surdi.

Bugungi voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha qat'iy qadamlarni taqozo etayotgani ta'kidlandi. Yangi o‘sish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yangi rivojlanish «drayver»larini aniqlash muhim ahamiyatga ega.