Jahon | 09:42 / 10.08.2021
2423
3 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyada o‘rmon yong‘inlariga aloqador 10dan ortiq kishi hibsga olindi 

Foto: Reuters

Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisning ta'kidlashicha, oxirgi kunlarda Gretsiyaning turli burchaklarida 586 ta yong‘in yuz berib, hukumat ularga aloqador 10 dan ortiq kishini hibsga oldi. 

Mitsotakis yurtdoshlariga telemurojaatida mamlakatdagi yong‘inlar “misli ko‘rilmagan ko‘lamlarga” yetganini va qurg‘oqchilik hamda issiq havo sababli ularga qarshi kurashish qiyin kechayotganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, Gretsiyaning 141 ta tumanida yong‘inlar sababli aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilgan.

Bosh vazir mamlakatga yong‘inlarga qarshi kurashda yordam ko‘rsatayotgan barcha davlatlarga minnatdorlik bildirgan va hukumatning yo‘l qo‘ygan xatolari uchun greklardan uzr so‘ragan.

“So‘nggi kunlar mamlakatimiz uchun oxirgi o‘n yilliklardagi eng og‘irlaridan biri bo‘ldi. Biz kurashga bor kuchimizni tashlayapmiz. Biroq oldimizda misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi tabiiy ofat turibdi: bir necha kun ichida Gretsiyaning turli hududlarida 586 ta yong‘in yuz berdi. Men yonib kul bo‘lgan uylari va mol-mulkini ko‘rgan, o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan yurtdoshlarimizga qanchalik og‘riqli ekanini tushunaman”, deb aytgan Gretsiya bosh vaziri.     

Ma'lumotlarga ko‘ra, Gretsiya o‘t o‘chirish xizmati 3 kun davomida yong‘inlarga aloqador 10 dan ortiq kishini hibsga olgan. Bu yong‘inlardan bir qismi ataylab uyushtirilgan, bir qismi ehtiyotsizlik sababli yuz bergan. 

Gretsiyadagi o‘rmon yong‘inlarining aksariyati uzoq davom etgan issiq havo va qurg‘oqchilik sababli boshlangan. O‘tgan hafta hukumat fuqarolarga o‘rmonlarga borishni taqiqlab qo‘ydi.

Avvalroq Gretsiyada 10 kun ichida 56 ming gektardan ortiq maydon yonib ketgani ma'lum qilingandi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid