Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan turkum ko‘rsatuvlarning navbatdagi sonida shu haqda so‘z boradi. Qo‘mita eksperti Muhayyo Husanova bojxona ekspertizasi haqida so‘zlab beradi.

Bojxona ekspertizasini o‘tkazish uchun asosiy me'yoriy-huquqiy hujjat Bojxona kodeksi hisoblanadi. Bojxona kodeksining 208-217 moddalarida bojxona ekspertizasi to‘g‘risida, bojxona ekspertizasini o‘tkazish tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra:

Bojxona ekspertizasi shunday protsessual harakatki, unda maxsus malakali ekspert tovarlarni identifikatsiya qilish uchun fan, texnika, san'at yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar asosida tadqiqotlar o‘tkazadi va xulosa beradi.

Bojxona ekspertizasining asosiy vazifasi nima?

Bojxona ekspertizasining asosiy vazifasi import qilinayotgan mahsulotlarning TIF TNga xos xalqaro kod raqamlarini to‘g‘ri belgilanganligini ilmiy asosda tadqiq qilishdan iborat. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda va bojxona amaliyotida import qilinadigan barcha tovarlarning to‘g‘ri TIF TN kod raqamlarini aniqlash , bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri undirish uchun ham muhim hisoblanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Muhayyo Husanova

Nima uchun bojxona ekspertizasi o‘tkaziladi?

Bojxona ekspertizasida tovarlarni tahlil qilish, ularning kimyoviy tarkibi, tuzilishi, organoleptik, fizik-kimyoviy va boshqa ko‘rsatkichlari hamda tovarlarning ishlab chiqarish jarayonlariga oid ma'lumotlar to‘planadi. Tovarlarni to‘g‘ri nomlash, iqtisodiy munosabatlarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qator munozarali holatlarning oldini olish va iste'molchilarning manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini beradi.

Bojxona ekspertizasi qanday hollarda amalga oshiriladi?

  • Bojxona nazoratini amalga oshirilayotganda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini o‘tkazish jarayonida;
  • O‘zbekiston Respublikasi TIF TNga binoan tovarning tasniflanishi bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilishda;
  • Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining tasdiqlangan faktlari bo‘lganda bojxona ekspertizasi amalga oshiriladi.