Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvining bugungi sonida tovarlar nomenklaturasi, uning paydo bo‘lish tarixi, bugungi kundagi holati haqida DBQ bo‘lim boshlig‘i Husan Karimov so‘zlab beradi.
Husan Karimov DBQ bo‘lim boshlig‘i
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi – O‘zbekiston Respublikasi davlat idoralarining, yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro foydali hamkorlik o‘rnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jami amaliy harakatlari jarayonida qo‘llaniladigan, tovarlarning ma'lum bir qonuniyatlar asosida tartibga solingan raqamlar va matnlarda ifodalangan ro‘yxatidir.
Eksport-import operatsiyalari jarayonida qo‘llanilgan dastlabki tizimlar juda sodda tuzilgan bo‘lib, ma'lum miqdordagi boj va to‘lovlar undirilishi zarur bo‘lgan tovarlarning ro‘yxatidan tashkil topgan.
Biroq, tovar turlarining ko‘payishi va o‘zgarishi ulardan undiriladigan boj miqdorlarini belgilovchi aniq klassifikator ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirdi. Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan tovar nomenklaturasi bir asr davomida ishlab chiqildi. Dastlabki xalqaro nomenklatura 1853 yilda Bryusselda imzolandi. U xalqaro statistika nomenklaturasining ishlab chiqilishiga zamin yaratdi.

1885 yilda xalqaro statistika instituti tashkil etildi. Dastlabki yagona statistika nomenklaturasi 1913 yilda Bryussel shahrida 2-xalkaro savdo statistikasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Konferensiyada qabul qilindi. Unga faqat 29 davlat rahbarlari imzo chekkan bo‘lib, atigi 5 ta guruhda (tirik xayvonlar, oziq-ovqat mahsulotlari, qayta ishlanadigan materiallar, ishlab chiqarilgan mahsulotlar, oltin va kumush) 186 ta tovar o‘rni belgilangan edi.
Keyinroq 1927-37 yillarda Yagona bojxona nomenklaturasi (Jyeneva nomenklaturasi)ga asos solindi. U 21ta bo‘lim, 86ta guruhlarga joylashtirilgan 991ta pozitsiyadan iborat edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlar iqtisodiyotini tiklash va savdo-sotiqni rivojlantirish uchun yangi nomenklaturaga ehtiyoj sezildi. Yevropa bojxona ittifoqining ishchi guruhi tomonidan Jyeneva nomenklaturasi asosida 1950 yilning 15 dekabrida Bryussel shahrida tovarlarni bojxona tarifi bo‘yicha klassifikatsiyalash maqsadida nomenklatura qabul qilindi.
















