Jaloliddinov Spors.uz saytida intervyu berdi. Suhbat davomida futbolchi qanday qilib aldangani, nega «Bunyodkor»dan ketgani, Abramov bilan munosabatlari va nega O‘zbekistonga qaytgani haqida gapirdi. Quyida intervyu davomida aytilgan so‘zlar uning o‘z tilidan keltiriladi.

Nega «Andijon»?

«Andijon»ga o‘tishimdan avval Jur'atbek Quvvatov bilan gaplashdim. O‘ylashimcha, yaxshi pul to‘landi. Anig‘ini aytmayman, lekin beshdan tepa, o‘ndan past (katta ehtimol 5-10 ming dollar atrofida). «Andijon»da yarim mavsum o‘ynashni maqsad qilgandim va shunday bo‘ldi. Xorij klublariga yoki O‘zbekistonning kuchliroq jamoalaridan biriga o‘tish niyatida bo‘lganman. Jur'atbek Quvvatov «Shartnomani olib, xohlaganingni yoz, men roziman», deb aytdi. PFL reglamentiga ko‘ra, yarim yillik shartnoma tuzish mumkin emaskan. Shuning uchun bir yillik shartnoma tuzdik. Klub men xohlagan vaqtda meni qo‘yib yuborishiga ishongandim.

Otabek G‘ulomxo‘jayev jamoadan ketgach, Jur'at aka sen ham ketasanmi, deb so‘radi. «Andijon»ga o‘tishimning sababi faqat murabbiy emasdi, men jamoaga yordam bermoqchiman, deb javob berdim. Va'damga muvofiq, «Navbahor» bilan o‘yindan keyin menga ruxsat berishlarini so‘radim. Mendan rozi ekanliklarini aytib, omad tilashdi».

Baxt haqida

«Men o‘zimni baxtli hisoblashim mumkin, chunki yoshligimdan obro‘ orttirdim, ko‘p orzularim ushaldi. Bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni Allohdan kelgan sinov deb hisoblayman. Qiyinchiliklarga qaramay, o‘zimni baxtli deya olaman».

Rossiyada nima bo‘lgandi?

«Rossiyaga ketishimni bilgach, buni intizor bo‘lib kuta boshladim, hayajonlandim. 2-3 oy to‘liq «Lokomotiv» bilan mashg‘ulotlar olib bordim. Dastlabki haftalarda rostdan ham kuchim yetmayotgani, ular bizdan jismoniy jihatdan ancha kuchli ekanini his qildim. «Tambov»ga o‘tishimdan avval, «Lokomotiv»ga qo‘shilganimga 3 oylar vaqt bo‘lib qolgandi, o‘zimda kuchayishni seza boshlaganman. Chunki murabbiylar men bilan individual tarzda ko‘p ishlardi. Meni eng ko‘p xursand qilgan narsa shuki, hech kim meni e'tiborsiz qoldirmagan. Xuddi keyingi o‘yinda maydonga tushishi kerak bo‘lgan futbolchidek tayyorlashar edi.

Bir kuni agentlarim menga klub yangi direktori shartnomani buzishni taklif qilayotgani, lekin qolish imkoniyati ham borligini aytishdi. Agentlarim bilan maslahatlashgach, ketishga qaror qildim. Ular meni «Al-Ayn»ga olib bormoqchi edi. Aytishlariga ko‘ra, jamoa rahbariga yoqqanman, faqat murabbiy meni olib kelishni xohlamagan. Hali yoshligim va ko‘p o‘yin amaliyotisiz qolib ketganim bunga sabab bo‘lsa kerak. Keyin menga Ispaniyaga o‘tishimni aytishdi. 4 oy o‘ynab, keyin «Al-Ayn»ga kelamiz, deyishdi. Shundan so‘ng men ularga ishonmay qo‘ydim. Bunday bo‘lishini bilganimda «Lokomotiv»da qolgan bo‘lardim».