Uning Italiyaga transferi nega to‘xtab qoldi? Moskvaning «Lokomotiv» klubi unga qay darajada jiddiy qiziqish bildirmoqda? Shu savollarga javob olish uchun futbolchining o‘zi bilan suhbatlashdik.
– Chet el klublari qiziqish bildirgan kam sonli futbolchilardansiz. Aytingchi, Italiyaga transferingiz nega to‘xtab qoldi?
– To‘g‘risi, bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q. Shunchaki transfer borasidagi xabarlar juda tez tarqab ketgani «Benevento»ga yoqmadi. Ularda «Transfer jimlikni yoqtiradi», degan gap bor ekan. Vaziyatga real qarasak, bu trasnfer amalga oshishi qiyinroq. Chunki klub hozir murakab ahvolda va transfer haqida o‘ylay olmaydi. Jamoaning skautlar bo‘limida ishlaydigan vakili bilan doimiy aloqadaman va u «Hamon bizning ro‘yxatda borsan, lekin qaysidir klubga o‘tmoqchi bo‘lsang, muzokara o‘tkazaver. Biz bundan faqat xursand bo‘lamiz», deb aytgan. Shu sabab boshqa jamoalar bilan muzokara o‘tkazdik.
– Moskvaning «Lokomotiv» klubi sizga qiziqish bildirayotganini qachon bildingiz?

– 2-3 oy oldin agentlarimiz menga qiziqish bo‘layotganini aytishdi va men muzokara o‘tkazishga rozi bo‘ldim. Shundan keyin ular «Bunyodkor»ga taklif bilan chiqishdi. Odamlar yaqindan bu haqda bildi, lekin shu vaqtgacha ko‘p muzokaralar o‘tkazdik. Menimcha, muzokaralar uzoqroq davom etadi. Mening «Bunyodkor»dan ketishim oson bo‘lmaydi. Akademiya ochilishidan oldin ham men «Bunyodkor»da edim. Umrimning yarmi shu klubda o‘tdi va uni tark etish menga ham oson emas. Ba'zan qanday ketarkanman, deb o‘ylab qolaman. Lekin kelajagim uchun bu qadamni qo‘yishim kerak.
– «Lokomotiv» sizga qiziqish bildirganda klubda murabbiy boshqa edi. Murabbiy o‘zgarishi qiziqishga qanchalik ta'sir qilgan?
– Menga klubning direktori qiziqish bildirgan. Muzokaralar ham aynan direktor bilan o‘tkazilgan. Menimcha, muzokaralarda barcha narsa inobatda olinmoqda. Men mavsum oxirigacha «Bunyodkor»da qolishni xohlayman. «Lokomotiv» esa men bilan shartnoma imzolab yarim yil ijaraga bermoqchi. Ularda hozir 8 nafar legioner bor va hammasining shartnomasi yil oxirida tugaydi. O‘shanda muammosiz borib qo‘shilishim mumkin. Bundan tashqari o‘zimizda o‘tadigan Osiyo chempionati-U19 musobaqasi bor. Hozir boshqa jamoaga o‘tsam-da, ko‘p o‘tmay chempionatga kelsam, yangi jamoamga moslashishda muammo bo‘lishi mumkin. Shu bois «Lokomotiv»ning taklifi juda qulay deb o‘ylayman.











