Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Afg‘oniston sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy va dala komandiri Ahmad Shoh Mas'udni o‘limidan so‘ng I darajali Ismoil Somoniy ordeni bilan mukofotladi.
Rabboniy va Mas'ud 1990-yillardagi tojiklararo nizoni hal etishga qo‘shgan hissasi uchun orden bilan mukofotlandi, deyiladi Tojikiston prezidenti saytida.
Ismoil Somoniy ordeni Tojikistonning oliy davlat mukofoti hisoblanadi.
Burhoniddin Rabboniy 2011 yil sentyabrda o‘ldirilgan. U toliblar vakillari bilan uchrashuv chog‘ida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘lgan. Politsiyaning taxminiga ko‘ra, u bilan uchrashganlardan birining sallasiga yashirilgan bomba portlagan.
Panjsher sheri nomi bilan tanilgan Ahmad Shoh Mas'ud 1990-yillarda Afg‘onistonda toliblarga qarshi kurashgan «Shimoliy alyans»ga rahbarlik qilgan. U 2001 yilda o‘ldirilgan.
Hozirda Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li Ahmad Mas'ud Panjsher viloyatida toliblarga qarshi kuchlarga rahbarlik qilmoqda. Panjsher toliblar nazoratiga o‘tmagan yagona viloyat bo‘lib turibdi.











