O‘zbekiston | 15:11 / 04.10.2021
5353
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda tuman hokimi qarori bilan 828 tup daraxt kesishga ruxsat berilgan

Sirdaryo viloyati Boyovut tuman hokimining qarori bilan tuman hududidan o‘tgan 4-R-30 avtomobil yo‘lining o‘ng va chap qismida joylashgan 8 turdagi 828 tup manzarali daraxtlarni kesishga ruxsat berilgan.

Foto: Boyovut tumani hokimligi

Hokim qarorida “SIRDARYO YOʻL KOʻKLAM” MChJning tuman Davlat xizmatlari markazi orqali bergan arizasi va Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2021 yil 3 iyundagi xati asosida daraxtlarni kesishga ruxsat berilgani qayd etilgan.

Shuningdek, qarorda daraxtlarning kesilishi “SIRDARYO YOʻL KOʻKLAM” MChJ tomonidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bilan birgalikda amalga oshirilishi hamda “SIRDARYO YOʻL KOʻKLAM” MChJga har bir kesilgan daraxt o‘rniga 10 tup daraxt ekish majburiyati yuklatilgani belgilangan.

Kun.uz daraxt kesilishi bo‘yicha Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan berilgan xat, shuningdek holat bo‘yicha izoh olish uchun Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot kotibi Ozod Rajabov bilan bog‘landi. Qo‘mita matbuot kotibi daraxtlarning holati va hokim qarorining qanchalik asosli chiqarilganini aniqlash maqsadida Boyovut tumaniga maxsus ishchi guruh jo‘natilganini, o‘rganish natijalari bo‘yicha batafsil ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qaroriga asosan qurigan daraxtlar va butalarni kesish Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid