
Joriy yilda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan transformatsiya jarayonlarining so‘nggi bosqichi o‘z yakuniga yetkazilmoqda. Kuni kecha Bank Boshqaruvi a'zolari, Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Buxoro shahrida o‘tkazilgan anjuman va press-tur davomida Buxoro mintaqaviy filialida transformatsiya doirasida ishga tushirilgan mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi taqdimoti o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida banklarning samarali infratuzilmasini yaratish va faoliyatini avtomatlashtirish, universal xizmat ko‘rsatish nuqtalari tarmog‘ini rivojlantirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilib, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Bir necha yildan buyon O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ko‘magida olib borilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonida farmonda qayd etilgan ushbu vazifalarga ustuvor ahamiyat berildi. Bankning biznes modeli tubdan o‘zgartirildi, barcha ishlar mutlaqo yangi strategiya asosiga bunyod etilmoqda.
Bugunga kelib mijozga yo‘naltirilganlik tamoyili asosida ish faoliyati butunlay yangidan tashkil etilgan Buxoro mintaqaviy filiali misolida bu boradagi ishlar salmog‘i va samaradorligini ko‘rish mumkin.
Xususan, faqat mijozlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan front ofis ishi aholiga har jihatdan manzur bo‘lib, filialda ish unumdorligini bir necha baravarga orttirdi.
Kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun esa 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga o‘sdi. Xodimlarning ularga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarish holatlari kamaytirildi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi.

Tarmoq sotuvini boshqarish va qo‘llab-quvvatlash markazlashtirildi.















