Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining 2019 yil 5 dekabrdagi qaroriga asosan qarzdor Sh.Z.dan bir nafar farzandining ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan. Sud qaroriga asosan MIB Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.

Mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 21-, 87-moddalariga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan ma'lumotlarga asosan qarzdorning barcha mol-mulklariga va xorijga chiqishiga taqiq qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, Sh.Z. xorijga chiqish istagi borligini va o‘rnatilgan cheklovlarni qonuniy tartibda bekor qilishni so‘rab MIB Sho‘rchi tumani bo‘limiga murojaat qilgan. Davlat ijrochisi amaldagi qonun talablarini tushuntirgan holda qo‘llanilgan cheklovlarni qanday tartibda bekor qilish mumkinligi bo‘yicha tushuntirishlar bergan.

Shundan so‘ng Sh.Z. sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan, farzandining voyaga yetguncha bo‘lgan muddat uchun 101 million 928 ming so‘m alimentni oldindan to‘lab bergan.

Hujjatlar notarial tartibda rasmiylashtirilgandan so‘ng MIB Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan ijro hujjati muddatidan oldin tugatilib, qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan barcha cheklov choralari bekor qilingan.