– SANTO kompaniyasi o‘z yo‘lini nimadan boshlaganini aytib bering.
– Kompaniya 140 yil oldin tashkil etilgan edi. Lekin uzoq o‘tmishga qaytib o‘tirmaymiz. 10 yil oldin ro‘y bergan muhim o‘zgarishlarga to‘xtalamiz. O‘shanda biz Markaziy va Sharqiy Yevropa, Kavkaz hamda Markaziy Osiyo bozorlarida yetakchi hisoblangan Polpharma xalqaro farmatsevtik guruhiga qo‘shilgan edik. Va bizning zavodimizda Munosib ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) xalqaro sifat standartlariga muvofiq yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va amaldagilarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan bahosi 180 mln AQSh dollar atrofidagi keng qamrovli investitsion loyihani amalga oshirish boshlandi. Aytishim mumkinki, bugun SANTO Markaziy Osiyodagi yetakchi farmatsevtik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya portfelida 240dan ortiq preparat bor.
– Hozirgi paytda mahsulotlaringiz assortimenti qanday?
– SANTO – dori vositalarining barcha shakllarini ishlab chiqaruvchi kam sonli kompaniyalardan biri. Agar siz boshqa farmkompaniyalarni o‘rgansangiz, ularning ko‘pi tabletkalar yoki sterillangan dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilganini ko‘rasiz. SANTO esa diversifikatsiyalangan kompaniya sanaladi. Biz kardiologik preparatlar, antibiotiklar, mukolitik ta'sir vositalari, sterillangan dori preparatlari va ko‘plab boshqa narsalarni ishlab chiqaramiz. Bundan tashqari, bizning farqli jihatimiz preparatlar ishlab chiqaruvchi katta bo‘lim hamda o‘z R&D laboratoriyamizning mavjudligidir. Qolaversa, biz nafaqat xorijdan texnologiya transferini amalga oshiramiz, balki ma'lum miqdordagi dorilar olimlar tomonidan kompaniyamiz maydonchasida ishlab chiqiladi. Istiqboldagi rejalarimizdan biri – yiliga 30 nomdagi yangi dorilarni ishlab chiqarish.
– Dori ishlab chiqarishda qaysi sifat standartlariga rioya qilasiz?
– Sifatga keladigan bo‘lsak, bu biz uchun juda muhim masala. Har bir preparatimizni ishlab chiqarishda biz eng qat'iy nazorat qoidalariga amal qilamiz. Biz farmatsevtika sanoatining ilg‘or yutuqlari hamda nazorat organlarining eng qat'iy talablariga mos sifatni kafolatlovchi ishlab chiqarish sharoitlarini ta'minlaymiz. SANTO'ning barcha mahsulotlari Munosib ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) standarti talablari hamda dorixona ombori Munosib distribyutorlik amaliyoti standartlariga (GDP) muvofiqligi jihatidan sertifikatlangan – bu farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishning barcha bosqichlaridagi uzluksiz nazoratni ta'minlovchi qoidalar tizimi. Ya'ni qat'iy sifat nazorat xomashyo xarid qilishning eng boshidan boshlanib, tayyor mahsulotni yakuniy iste'molchiga realizatsiya qilish bilan tugaydi. Barcha dori preparatlari Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa xalqaro ishlab chiqaruvchilarning o‘ziga xos uskunalarida ishlab chiqariladi va ishlab chiqarish jarayonlarining dunyo avtomatizatsiya va integratsiya darajalariga mos keladi.














