Kun.uz'ga kelib tushgan va rostligi surishtiruvimiz davomida tasdiqlangan audioda, poytaxtdagi maktablardan birida sinf rahbari o‘quvchilarga yoppasiga vaksina qilinishi haqida buyruq bergan. Xabarda umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 6–11-sinflarida o‘qiydigan o‘quvchilar yoppasiga koronavirusga qarshi vaksina olishi kerakligi, shuning uchun har bir o‘quvchi bittadan tibbiy qo‘lqop va shprits olib kelishi kerakligi aytiladi.

“Dushanbadan boshlab 6-sinfdan to 11-sinfgacha barcha o‘quvchilarga COVID-19'ga qarshi vaksina qilinar ekan. Ota-onangiz bilan maslahatlashasizmi-yo‘qmi, bu sizning ishingiz. Ko‘pchilik ota-onalar telefon qilib bexabarligini aytyapti. Maslahatlashish sizning ishingiz, lekin ertaga hamma bittadan qo‘lqop va shprits bilan kelsin”, – deydi audio egasi.

Joriy yilning 28 sentyabridan bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik-immunologik ekspert komissiyasi qaroriga asosan, O‘zbekistonda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlashga ruxsat berildi. Ammo bu ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi.

Kun.uz holat yuzasidan Xalq ta'limi vazirligi bilan bog‘landi.

“Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktab o‘quvchilarini majburiy emlash haqida biror ko‘rsatma berilmagan. Umuman olganda, o‘quvchining salomatligi bilan bog‘liq topshiriqlarni berish XTVning vakolatiga kirmaydi. Bu sog‘liqni saqlash masalasi bo‘lib, bizning tizim ta'lim bilan bog‘liq holatlarda ko‘rsatma berishi mumkin”, – dedi vazirlik matbuot kotibi Laylo Rustamova.

O‘zbekistonda vaksinatsiya jarayoniga mas'ul Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati nafaqat bolalarni, balki katta yoshlilarni ham koronavirusga qarshi emlash ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini ma'lum qildi.

“SES” matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovga ko‘ra, olib borilayotgan vaksinatsiya jarayonida biror fuqarodan tibbiy qo‘lqop yoki shprits talab qilinmaydi. Tibbiy anjomlar va vaksina bepul beriladi.

“Shu kunga qadar mamlakatimizda olib borilayotgan vaksinatsiya jarayonida biror holatda fuqarodan tibbiy anjomlar, ya'ni tibbiy qo‘lqop, shprits, spirt kabilar so‘ralmadi. Chunki bularning barchasi vaksinatsiya punktlariga yetarlicha ta'minlangan. Ayniqsa, bolalardan bularni so‘rashga umuman asos yo‘q”,