O‘zbekiston | 16:08 / 02.11.2021
10953
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda yana bir sudyaga pora olish jinoyati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi sudyasiga pora olish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U lavozimidan ozod etilgan.

Foto: Fotolia

25 oktabr kuni Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining sudyasi E.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz’ning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi ishonchli manbasi bergan xabarda aytilishicha, sudya boshqa bir ish bo‘yicha jinoyat quroli deb topilgan va jarima maydonchasiga qo‘yilgan Gentra avtomobilini davlat ixtiyoriga musodara qilib yubormaslik evaziga fuqaro J.E.dan 1500 AQSh dollari olganlikda gumon qilinmoqda.

Kun.uz holat bo‘yicha izoh olish maqsadida Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov bilan bog‘landi. Kengash vakili so‘rovga javoban jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining sobiq sudyasi E.A. ishdagi kamchiliklari uchun o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ketganini bildirdi. U shuningdek, kengashda jinoyat ishi bo‘yicha hech qanday ma'lumot mavjud emasligini qo‘shimcha qildi.

Aytish mumkinki, qoniqarsiz va quruq axborot berish bilan kifoyalangan kengash matbuot kotibi asl holatni bekitishga urinmoqda.

Bundan avvalroq Kun.uz Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Do‘stlik tuman sudining sobiq raisi pora olishda gumon qilinayotgani, sobiq sudyaning o‘zi tergovdan yashiringani tufayli qidiruvga berilgani haqida xabar qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida Sudyalar oliy kengashi intizomiy jazoga tortilgan sudyalarning shaxsini sir tutib kelishi, sudyalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tizim “obro‘sini saqlash” maqsadida yashirishi va sudyalarning “advokati”ga aylanib qolayotgani haqida maqolalar e'lon qilingan.

Mavzuga oid