O‘zbekiston | 13:22 / 05.11.2021
1752
2 daqiqa o‘qiladi

Hujjatlarda mebel qog‘ozlari deb ko‘rsatilgan 1,5 mlrd so‘mlik gulqog‘ozlar fosh etildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan turli nayranglarni qo‘llagan holda bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan «Chuqursoy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneri yuk hujjatlariga asosan ko‘zdan kechirildi. Natijada, konteynerlarda hujjatlarda «mebel qog‘ozlari» deya ko‘rsatilgan tovarlar umuman yo‘qligi, ularning o‘rnida qiymati 1 mlrd 544 mln so‘mlik 7 356 o‘ram gulqog‘ozlar borligi fosh etildi.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur tovarlarga 176,8 mln so‘m miqdorda qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, bojxona posti orqali olib kirilayotgan qiymati 1,3 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan noqonuniy tovarlar ushlangani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid