Koʻpchilik oxirgi ikki yilda Gʻazodagi urushdan xabar topdi, lekin Falastin xalqi Isroil bosqini ostida 80 yildan buyon ezilib keladi. Isroil 1948-yildan buyon Falastin arablarini qiynab, ularning yerlarini tortib olishda davom etmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida BMT Isroilni tiyish boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qildi, biroq orqasida AQSH turgan yahudiylar davlatiga kim nima qila olardi?

Oʻtgan yillar mobaynida butun dunyodagi faollar Isroilning Falastin yerlarini egallashiga qarshi kurashib keldi. Bu yoʻlda ularning bir qismi Isroil harbiylari tomonidan oʻldirildi, ayrimlari qamaldi. Bugun hikoya qilayotgan qahramonimiz amerikalik Reychel Korri ham 23 yoshida Isroil buldozeri ostida qolib halok boʻlgandi.

Tinchlik uchun kurashgan qiz

Reychel Korri 1979-yilda Vashington shtatida oddiy oilada dunyoga keladi. Maktabni bitirgach, kollejda gumanitar yoʻnalishda oʻqiydi. Boʻsh vaqtlarida shtat tabiatni himoya qilish korpusida koʻngilli sifatida ishlaydi. Keyin Reychel dunyoda tinchlik barqaror boʻlishini xohlovchi faollar safiga kirib, xalqaro birdamlik harakati tashkilotiga ham aʼzo boʻladi.

Bu tashkilot 2001-yilda falastinlik Gʻasson Anzuni, Jorj Rishmavi, isroillik Neta Golan va kelib chiqishi falastinlik boʻlgan AQSH fuqarosi Huvaydo Arraf tomonidan tashkil etilgan boʻlib, maqsadi jafokash Falastin xalqiga yordam koʻrsatish edi.

Reychel harakat faollari bilan Falastinga borib, Gʻazo va Gʻarbiy sohilda falastinliklar bilan birga yashaydi, Isroilga qarshi namoyishlarda qatnashadi, falastinliklar boshpanasi buzilishiga qarshi chiqadi. Ana shunday safarlarning biri fojiali yakun topadi. Isroil harbiylari Gʻazoda falastinliklarga tegishli uyni buzayotganda Reychel Korrini vahshiylarcha oʻldirishadi.

Oʻlim bilan yuzma yuz

2003-yil mart oyida Reychel Rafahga boradi. U payt Isroil shiddat bilan falastinliklarning uylarini buzayotgandi. Reychel va sheriklari Rafahdagi vaziyatni xalqaro hamjamiyatga yetkazib, Isroil zoʻravonligiga qarshi turishni maqsad qiladi. Reychel Rafahda falastinliklar bilan yashab, barchasini oʻz koʻzi bilan koʻradi.

16-mart kuni Isroil buldozeri rafahlik oilaning uyini buzishga chogʻlanganda Reychel qoʻrqmasdan bahaybat texnikaning oldiga chiqadi. Shunda isroillik harbiy buldozerni qiz tomon oʻnglaydi. Reychel qochmaydi va qarshilik koʻrsatishda davom etadi. Isroil harbiylari buldozerni ochiqchasiga qizning ustiga haydab, uni bosib oʻldiradi.