Rimning «Roma» klubi katta umidlar bilan Joze Mourinoni bosh murabbiy etib tayinlagandi. Boshlanishiga katta klublar uchun ham chaqilmas yong‘oqdek ko‘ringan «Roma» asta-sekin oqsay boshladi. Himoyadagi kamchiliklar jamoaning g‘alabasiz seriyasini cho‘zib yubordi. Odatda ikkinchi yoki uchinchi mavsumda noroziligini ko‘rsatadigan Joze Mourino esa allaqachon nolishni boshlab yubordi. Xo‘sh, Jozening Rim missiyasi kutilganidan avvalroq yakunlanadimi?
Joze hamon «eski konspekti» bilan yuribdi
Joze Mourino zamonaviy futbolning eng yaxshi murabbiylaridan biri. «Portu» bilan sensatsiya ko‘rsatib, asosiy yevrokubokni qo‘lga kiritishi, «Chelsi»ga yarim asr o‘tib Angliya chempionligini qaytarishi, «Inter» bilan go‘yoki yengilmas bo‘lgan «Barsa»ni to‘xtatib, YeChLda g‘olib bo‘lishi, «Real»ga uzoq yillar kutilgan qirol kubogini olib berib, jamoani La Liga taxtiga qaytarishi, yetmaganiga YeChLdagi chorakfinal «tavqi la'nati»dan o‘tishi, «MYu» bilan sovrinli het-trik qayd etishi Mourino jahon futbolida o‘z o‘rniga ega ekanini ko‘rsatib turibdi.
Ammo Mourino endi oldingi darajasida emasligi yana bir bor ko‘rinib qoldi. U milliy chempionatlardagi chempionlikka so‘nggi bor 2015 yilda erishgan. «Chelsi» bilan Angliya chempioni bo‘lgan murabbiy shundan keyin «MYu» va «Tottenhem» bilan APLda g‘olib chiqa olmadi. Uning faoliyati ortga qarab ketayotganini ko‘rsatkichlar ham aytib turibdi. Murabbiy faoliyati davomidagi jami o‘yinlarning 63 foizida g‘alaba qozongan. So‘nggi uch jamoasida bu ko‘rsatkich mos ravishda 51 foiz («Tottenhem»), 58 foiz («MYu») va yana 58 foizni («Chelsi»ga ikkinchi tashrif) tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Mourinoning eng yuqori ko‘rsatkichi (71 foiz) «Portu» va «Real»da qayd etilgan. «Roma»da murabbiy hozircha faqat 51 foiz o‘yinlarni yutmoqda. Ya'ni 2015 yildan buyon murabbiy o‘zining o‘rtacha ko‘rsatkichidan past g‘alabali foizni qayd etmoqda.

«Roma» nega Mourinoni tanlagandi?
Rim klubi natijalari yomon bo‘lib ketayotgan bir vaqtda jiddiy tavakkalchilikka qo‘l urdi va Mourinoni olib keldi. Ha, oxirgi jamoalarida faqat noligani bilan yodda qolgan murabbiyni faqat A Seriyada bir vaqtlar yaxshi ishlaganiga ishonib olib kelish tavakkaldan boshqa narsa emasdi. Bir tomonda klub, ikkinchi tomonda Mourino faoliyatida pasayish kuzatilayotgan bir vaqtda ular topishdi, ham klubda, ham murabbiyda umid paydo bo‘ldi, kelajakka bo‘lgan yaxshigina umid. Ya'ni «Roma» va Mourino bir-biriga boshqa qayerdandir topish dargumon bo‘lgan motivatsiyani berishdi.
Shu jihatdan, «Roma»ning tanlovini olqishlash mumkin. Axir Mourino «Inter» bilan chindan A Seriyada zo‘r ishtirok etgan: ketma-ket ikki skudetto, bittadan kubok va superkubok hamda uzoq kutilgan YeChL g‘olibligi. Ammo hozirgi «Roma» va o‘shandagi «Inter»ni solishtirish kamida mantiqsizlik bo‘ladi. Boshqa tomondan, Rim klubi Mourinodan YeChL yoki A Seriyani yutishni so‘ramayapti. Ular faqat to‘rtlikka kirishni va kurashuvchan jamoa qurishni istamoqda. «Yuventus» inqirozda bo‘lgan, «bezori» «Atalanta» eng zo‘rlardan deb qaralayotgan, «Inter» va «Milan» tushunarsiz holatda bo‘lgan va «Napoli» noma'lum muddat yetakchi bo‘lib turgan hozirgi turg‘unlik holatida Italiya chempionatida to‘rtlikka kirish imkonsiz ish emas.

















