Milliy jamoa mashg‘ulotlari haqida

– Srechko Katanets har yig‘inda turli xil futbolchilarni jalb etgan holda ularni yaqindan bilib olmoqda. O‘ylashimcha, kelgusi yilgi yig‘inlarga aniq tarkibni shakllantirib, o‘ziga kerakli futbolchilarni chaqiradi.

Milliy jamoaga kirishib ketish qiyin emas. Ha, klub boshqa, milliy jamoa butkul boshqacha. Klubda jamoadoshlaringiz bilan har kuni birga bo‘lasiz. Milliy jamoada esa 1 yoki 2 oyda bir ko‘rishasiz. Shunga qaramay, bu yerdagi barcha futbolchilar menga tanish, ular bilan ko‘plab yig‘inlarda birga shug‘ullanganmiz. Shuning uchun mashg‘ulotlarga kirishib ketish u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ustiga-ustak, biz professional futbolchilarmiz. Bu kabi holatlar bizga muammo tug‘dirmasligi kerak.

Srechko Katanetsning bundan avvalgi murabbiylardan farqi

– Albatta, har bir murabbiyda futbol mavzusida o‘ziga xos qarashlar va metodlar mavjud. O‘yinga tayyorgarlik vaqtida ham turli xil talablar qo‘yiladi. Misol uchun, Srechko Katanets bizdan yig‘in vaqtida milliy jamoa yig‘ilgan mehmonxonadan chiqmasligimizni talab qiladi. Yig‘inga keldingmi, ko‘chani, o‘rtoqlaringni o‘ylama, deb ta'kidlaydi. Hamma bir xil sharoitda yashashi va o‘z vaqtida, rejalashtirilgan ovqatni yeyishi kerak. Bu men uchun yangilik emas. Chunki Kuper davrida ham xuddi shu tartibda yig‘in o‘tkazar edik. Boshqa murabbiylar esa futbolchilarning mehmonxonada jam bo‘lishiga u qadar jiddiy e'tibor qaratmaydi. Shu orqali biz uzoq vaqt ko‘ra olmagan oila a'zolarimizni ko‘rib kelishimiz mumkin bo‘lardi. Ushbu yig‘inga kelib, ota-onam bilan 2 soatgina ko‘risha oldim, xolos. Uyga borib kelish uchun murabbiydan ruxsat so‘rash kerak bo‘ladi. Lekin biz milliy jamoa yig‘iniga kelganmiz va bu talablarni to‘g‘ri, deb hisoblayman.

Murabbiyning o‘yin uslubi men uchun juda qulay. Sababi, men o‘zimni ijodkor futbolchi, gol va paslar amalga oshiruvchi yarimhimoyachi, deb bilmayman. Mening maydondagi birinchi vazifam jamoamga to‘pni olib berish, to‘pni o‘zimizda ushlab turish va hujumni qurishdan iborat. Ushbu murabbiy bizdan agressiv harakat qilishni so‘rayapti. Bu ham to‘g‘ri talab, menimcha. Sababi, futbolda keskin harakat qilsangiz, nimagadir erishishingiz mumkin. Ba'zida o‘yiningiz o‘xshamasligi mumkin. Lekin agressiv harakat qilsangiz, eng kamida raqibga o‘yin bermaslikni uddalay olishingiz mumkin.

Foto: Tribuna.uz