Fransiya: «Marsel» o‘yinida yana mojaro

«Lion» — «Marsel» — o‘yin to‘xtatildi

Karantindan keyin fransuz muxlislarini eplab bo‘lmayapti. Tribunalarda yuzaga kelgan mojarolar haddan tashqari ko‘payib ketdi, bundan ayniqsa «Marsel» futbolchilari jabrlanmoqda. Monpeleda Ronjyega petardu uloqtirishgandi. Nitssada Payyet o‘ziga qarata otilgan butilkani tribunaga qaytarib otgandi va bu ommaviy mushtlashuv keltirib chiqargandi. Lionda esa o‘yinning 3-daqiqasidayoq mezbon jamoa fanatlaridan biri marselliklar sardorining boshini butilka bilan aniq nishonga oldi.

Aybdorni tezda topishdi va stadiondan olib ketishdi. Ammo bundan oldin «Lion» fanatlari yetakchisi uning yuziga  shapaloq tushirib qoldi.

Shundan keyin uzoq muddatli muzokaralar boshlandi. «Lion» va mahalliy rasmiylar o‘yin davom ettirilishini istashdi. Arbitr Ruddi Buke esa bunga qat'iyan qarshi edi. Undan qarorini o‘zgartirishni so‘rashganida, u avval Payyet bilan gaplashib olishi kerakligini aytdi. Futbolchi esa bu vaqtda shok holatida edi va voqealar qanday rivoj topsa ham, maydonga qayta olmasdi.

Yarim soatcha vaqt o‘tib o‘yin oxirigacha o‘ynab qo‘yilishi haqida xabar paydo bo‘ldi, lekin liga 1 rasmiylarning pozitsiyasiga qo‘shilmadi. Maydon egalaridan farqli o‘laroq, «Marsel» futbolchilari ikkinchi marta chigalyozdi mashg‘ulotlariga chiqmasdan, o‘yinni davom ettirishdan bosh tortishdi. Buke ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi, u ishtirokchilar xavfsizligi kafolatlanmaganini aytib, region prefektidan o‘z qarorini bekor qilishni so‘radi.

Muxlislarga o‘yin davom ettirilishi haqida e'lon qilinganidan 40 daqiqa o‘tib o‘yin keyinroqqa qoldirilgani haqida yakuniy qaror qabul qilindi. Bu vaqtga kelib tribunalar deyarli bo‘shab qolgandi,  «Lion» prezidenti Jan-Mishel Olas esa norozilik bildirdi. Uning fikricha, «Marsel»ning reaksiyasi juda keskin chiqqan, o‘yinni davom ettirish uchun hech qanday muammo yo‘q edi. U argument sifatida butilka otgan muxlis fan-guruhga aloqador emasligi, uni stadiondan olib ketishgani va politsiya mahkamasiga qamab qo‘yishganini keltirdi.

O‘yinga televizion ekspert sifatida kelgan Terri Anri ham o‘z munosabatini bildirdi: «Biz demokratiyada yashaymiz va har kimning o‘z fikri bor. Ammo men o‘ylaymanki, o‘yinni to‘xtatish to‘g‘ri qaror». O‘yinning keyingi taqdiri dushanba kuni Fransiya chempionati tartib-intizom qo‘mitasining shoshilinch yig‘ilishida hal qilinadi. «Nitssa» — «Marsel» uchrashuvi ham to‘xtatilganidan keyin o‘yin betaraf stadionda, bo‘sh tribunalar qarshisida qayta o‘ynalgandi.