Angliya chempionati, 12-tur
Liverpul – Arsenal 4:0
Gollar: 1:0 – 39 Mane, 2:0 – 52 Diogu Jota, Saloh 73, Minamino 77.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Tsimikas, Tiago Alkantara (Morton, 84), Oksleyd-Chemberlen (Henderson, 76), Fabino, Saloh, Mane, Diogu Jota (Minamino, 76).
Arsenal – Remsdeyl, Tomiyasu, Gabriel, Uayt, Nunu Tavaresh, Saka, Smit-Rou, Parti (El-Nenni, 84), Lokonga (Meytlend-Naylz, 53), Lyakazett (Edegor, 67), Obameyang.
Ogohlantirishlar: Mane 44, Fabinyu 70
Hakam: Maykl Oliver.

Taqvim tanaffusdan keyin «Liverpul»ga jiddiy sinov tayyorlagandi: «Enfild»ga Mikel Arteta boshqaruvida qatorasiga sakkiz o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan «Arsenal» tashrif buyurdi. Mavsum startidagi uch mag‘lubiyat (to‘plar nisbati 0:9) ortidan APLda olti g‘alaba va ikki durang qayd etildi, ammo mavsumning bu qismidagi raqiblar orasidagi eng jiddiylari «Lester» (2:0) va «Tottenhem» (3:0) bo‘ldi. Shanba kuni Arteta shogirdlari chempionlikka asosiy da'vogarlardan biriga qarshi turishi lozim edi.

O‘yin arafasida kuchli to‘rtlikni yakunlab turgan mersisaydliklarda 22, mehmonlarda esa 20 ochko bor edi. 12-tur doirasidagi uchrashuv to‘rtinchi o‘rin uchun o‘zaro bahsga aylandi.

Ikki murabbiy o‘yin oldidan bir-birining jamoasi haqida iliq fikrlar bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis Yurgen Klopp jamoani yuqori darajaga olib chiqqani va bu darajani saqlab qolayotganini e'tirof etdi, germaniyalik esa London jamoasi Arteta boshqaruvida yangi davr boshlagani, tarkibda Emil Smit-Rou, Bakayo Sako kabi yoshlar kuchli o‘yin ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.

«Arsenal» murabbiyi Liverpul tepaligini zabt etish ishtiyoqida yonayotgandi. «Men mag‘lubiyat va g‘alaba farqini tushunaman, men bizni «Enfild»da nima kutayotganini bilaman. Biz u yerga eng yuqori cho‘qqilarni ham zabt etishga qodirligimizni namoyish etish uchun borishimiz kerak. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan birinchi ish — o‘z kuchimizga ishonish, g‘alabaga qodirligimizga o‘zimizni ishontirish», — dedi o‘yindan oldin Arteta Liverpool Echo nashriga.

Yurgen Klopp esa xalqaro o‘yinlar uchun qilingan tanaffusdan norozi ekanini yana bir bor aytib o‘tdi.

«Men terma jamoalar o‘yinlari uchun ajratiladigan tanaffusni yomon ko‘raman. Garchi bu tanaffus bizga jarohat tufayli safdan chiqqan futbolchilar tiklanib olishi uchun qo‘shimcha vaqt taqdim etsa-da. Terma jamolar bosh murabbiylarida o‘z rejalari bo‘ladi va ular doim futbolchidan maksimal foydalanish mumkin deb o‘ylashadi. Bu safargi tanaffus bizning foydamizga xizmat qilmadi. Henderson va Roberson hozircha jamoa bilan birga shug‘ullana olmaydi. Ular hali terma jamoada olingan jarohatlaridan tiklanishda davom etishmoqda», — dedi Klopp Daily Mail muxbiri bilan suhbatda.